Chiqindilar hosil boʻlishining oldini olish, qayta ishlash va foydalanish boʻyicha olib borilayotgan ishlar tanqidiy muhokama etildi

    Yashil sayyora 13 Oktabr 2022 3188

    Maʼlumki, Oʻzbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlarini qabul qilgan va undagi 16 ta maqsadda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash majburiyatini olgan. Bu boradagi milliy maqsad va vazifalar doirasidagi ishlarning oʻz vaqtida hamda sifatli ijro etilishini taʼminlash, shuningdek, taʼsirchan parlament nazoratini olib borish maqsadida Oliy Majlis palatalari rahbarlari boshchiligida Parlament komissiyasi tashkil etilgan.

    Bugun, 13-oktyabrda Parlament komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Oliy Majlis Senati Raisi – Parlament komissiyasi hamraisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

    Majlisda BRM 12-maqsadining 5-vazifasi, yaʼni chiqindilar hosil boʻlishining oldini olish, qayta ishlash va takroriy foydalanish boʻyicha choralarni qabul qilish orqali ularning hajmini 2030-yilgacha ikki baravarga qisqartirish yuzasidan Buxoro va Toshkent viloyatlarida olib borilayotgan ishlar muhokama etildi.

    Muhokamalar davomida chiqindilar hosil boʻlishining oldini olish, qayta ishlash va takroriy foydalanish, sohaga milliy va xorijiy investitsiyalarni jalb etish, bu borada tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, umuman olganda, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni kompleks amalga oshirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy asoslar yaratilgani va sohaga oid 39 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani taʼkidlandi.

    Amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, sohada mavjud koʻplab muammo va kamchiliklar saqlanib qolayotganligiga eʼtibor qaratildi.

    Parlament komissiyasining ishchi guruhi oʻtkazgan oʻrganish natijasida muayyan holatlar aniqlangan boʻlib, jumladan, Buxoro va Toshkent viloyatida chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishga oid mahalliy dasturlar ishlab chiqilmagan va tasdiqlanmagan.

    Buxoro viloyatida 20 ta, Toshkent viloyatida esa 21 ta ikkilamchi xom ashyoni qabul qilish shoxobchalari noqonuniy faoliyat yurityapti.

    Shuningdek, Oʻzbekiston BRMga muvofiq 2030-yilgacha chiqindilar hosil boʻlishi hajmini ikki baravarga qisqartirish majburiyatini olgan, biroq hozirda aholining yillik oʻsish surʼatining prognozi inobatga olinsa, 2030-yilgacha chiqindilar hajmi ikki baravarga qisqarishi emas, aksincha tabiiy ravishda ikki baravarga ortishi kutilyapti.

    Senat Raisi ana shu omillarni inobatga olgan holda chiqindilarni qayta ishlash va takroriy foydalanish hajmini 4 baravargacha koʻpaytirish zarur ekanligini alohida taʼkidladi.

    Majlis davomida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi, Toshkent va Buxoro viloyati hokimliklarining hisoboti eshitildi. Shuningdek, aniqlangan muammo va kamchiliklar yuzasidan tegishli vazirlik hamda idoralar vakillarining fikrlari tinglandi.

    Majlis yakunida Parlament komissiyasining sohadagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan tegishli qarori qabul qilinib, mutasaddi idoralarga muayyan vazifalar yuklandi.

    Xususan, chiqindilar bilan bogʻliq masalalar yuzasidan qonunchilikka tegishli oʻzgartishlar kiritish, chiqindini qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga imtiyozlar va preferensiyalarni belgilash, kelgusi yilga moʻljallangan byudjetni shakllantirish jarayonida chiqindilarni hosil boʻlishini bartaraf etish choralarini inobatga olish, yangi chiqindi poligonlarini ochishni cheklash va shu kabi muhim masalalarni hal etish vazifalari belgilandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.