Bu haqida FVV ma'lumotlariga tayanib, Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.

Unga ko'ra, 2021-yilning 15-avgust kuni soat 10:30da Toshkent viloyati Chirchiq shahar Favqulodda vaziyatlar bo'limining navbatchilik qismiga Bo'stonliq tumani “Yangiovul” MFY hududidan oqib o'tuvchi Chirchiq daryosi o'rtasidagi orolchada 5 nafar fuqaro qolib ketganligi to'g'risida xabar kelib tushgan. Ma'lum bo'lishicha, fuqarolar Chirchiq daryosi bo'yida dam olish maqsadida daryo o'zanida joylashgan orolchaga o'tib borgan. Ammo suv sathining keskin ko'tarilishi va oqim tezlashgani tufayli orqaga qaytishning imkoni bo'lmagan.

Mazkur holat bo'yicha Chirchiq shahar Favqulodda vaziyatlar bo'limi qutqaruv otryadi suvda qidiruv-qutqaruv guruhi qutqaruvchilari zudlik bilan belgilangan hududga yetib borishdi. Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida orolchada qolib ketgan 5 nafar fuqaro maxsus kichik hajmli kemada qirg'oqqa olib o'tilgan.