Chirchiq daryosi oʻzanidan qum-shagʻal qazib olgan MCHJga nisbatan chora koʻrildi

    Avval javobgarlikka tortilgan MCHJ yana Chirchiq daryosi oʻzanidan qum shagʻal qazib olishi oqibatida tabiatga qariyb 275 mlrd. miqdorda zarar yetkazganligi aniqlandi.

    Qayd etilishicha, Ekologiya vazirligi va huquqni muhofaza qilish organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor ekologik reyd tadbirlarida Chirchiq daryosi oʻzanidan MCHJ tomonidan noqonuniy ravishda qum-shagʻal aralashmasi qazib olayotgani fosh boʻldi.

    Maʼlumotlarga koʻra, ushbu MCHJ avval ham inspektorlar tomonidan ogohlantirilishi va javobgarlikka tortilishiga qaramasdan oʻz faoliyatini davom ettirgan.

    Hozirda ushbu holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar tegishli huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

    Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 14-sonli Farmoniga koʻra, Chirchiq, Sirdaryo, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari oʻzanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan.