MFYlarga zamonaviy kompyuterlar topshirildi

    Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan “mahallabay” ishlash tizimi yaxshi samara bera boshladi.

    Yangi tizim asosida xalqimiz turmushi farovonligini oshirish, mahallalarda istiqomat qilayotgan aholining muammolarini erta aniqlab, bartaraf etish, aholi bilan doimiy muloqotda boʻlib, dardu tashvishlariga yechim topish har bir rahbarning asosiy vazifasiga aylandi.

    Bu borada Toshkent viloyati Chirchiq shahrida ham xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, sektorlar rahbarlari boshchiligida shahardagi barcha mahallalarda aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar olib borilib, ularning muammolari bartaraf etilmoqda.

    Chirchiq shahar hokimi Sanjar Yusupov tashabbusi bilan shahardagi 44 mahalla fuqarolar yigʻini idorasini taʼmirlash, moddiy-texnik bazasini yaxshilash ishlari boshlab yuborildi.

    Yaqinda Chirchiq shahar hokimligida 24 MFYga shahar hokimligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamda “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB koʻmagida eng soʻnggi rusumdagi zamonaviy kompyuter jamlanmalari topshirildi.

    Oʻtkir TOJIBOYEV,

    “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar boʻlinmasi raisi:

    – Shahrimizdagi mahalla fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnik bazasini mutahkamlash uchun homiylik asosida topshirilgan zamonaviy kompyuterlar va nusxa koʻchirish apparatlari “mahallabay” ishlash tizimini yana-da jadallashtirish, mahalladagi ishlarni sifatli va tezkor bajarish uchun xizmat qiladi.

    Ilhom RAHMONOV