
Dastlab faxriy mehmonlar va tadbir ishtirokchilari “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki taqdimoti, hududi, imkoniyatlari va texnopark rezidentlari tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar ko'rgazmasi bilan tanishdi.
Tantanali marosimda so'zga chiqanlar barchani mazkur loyihaning ishga tushirilishi bilan tabrikladi.
Prezidentimizning 2022 yil 2 fevraldagi "Toshkent viloyatida "Chirchiq" kimyo-industrial texnoparkini tashkil etish to'g'risida"gi qaroriga muvofiq amalga oshirilgan ushbu sa'y-harakatlar hududda qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratish, mineral xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, ichki va tashqi bozorlarga raqobatbardosh mahsulotlarni etkazib berishga xizmat qilishi ta'kidlandi.
Ta'kidlash lozimki, texnoparkning umumiy maydoni 31,22 gektar bo'lib, birinchi bosqichda 14 ta korxona faoliyatini yo'lga qo'yish rejalashtirilyapti. Bu erda 100 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Texnopark to'liq ishga tushishi natijasida 2 mingdan ziyod yangi ish o'rni tashkil etiladi va yiliga 15 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi.
Buning uchun Rossiya, Germaniya, Koreya, Turkiya, Xitoy kabi dunyoning 10 dan ortiq mamlakatidan olib kelinadigan zamonaviy asbob-uskunalar o'rnatiladi. E'tiborlisi, barcha sanoat tarmoqlari ekologik talablarga javob beradi.
Nihoyat, ramziy tugma bosilib, "Chirchiq" kimyo-industrial texnoparki loyihasiga rasman start berildi.
Ikki davlat ishbilarmonlari, mas'ullari tomonidan texnopark hududida loyihalarni amalga oshirish bo'yicha hujjatlar imzolandi.