Toshkent viloyati hokimligi, "O‘zkimyosanoat" AJ va Tatariston Respublikasi Prezidenti ma’muriyati bilan bir qator kelishuvlarga, jumladan Tataristonning "Ximgrad" AJ bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida "Chirchiq" kimyo-industrial texnoparkini  tashkil etish haqida kelishuvga erishilgan.

"O‘zkimyosanoat" AJning boshqaruvi qaroriga asosan MCHJ shaklidagi "Chirchiq" kimyo-industrial texnoparki direksiyasi tashkil qilingan.

Texnopark faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

- yuqori qiymatga ega bo‘lgan, tashqi bozorda xaridorgir va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb qilish;

- xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, atrof-muhit muhofazasini ta’minlashga qaratilgan va ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish;

- Toshkent viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanishni ta’minlash orqali mahsulot eksport salohiyatini oshirish maqsadida hududda ishlab chiqarishni kengaytirish;

- Texnopark ishtirokchilari o‘rtasida va butun respublika miqyosida mustahkam sanoat kooperatsiyasi aloqalarini o‘rnatish orqali mahalliy xomashyo va materiallar asosida yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish va mahalliylashtirish jarayonlarini jadallashtirish;

- Texnopark ishtirokchilari uchun yagona ishlab chiqarish infratuzilmasini, shuningdek sertifikatlash, laboratoriya, kadrlar tayyorlash va boshqa zarur xizmatlarni ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish.

Texnoparkning faoliyat ko‘rsatish muddati keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil etadi.

Texnopark hududida MIZ uchun belgilangan alohida soliq, bojxona va valyuta tartibotlari amal qiladi. Bunda, Soliq kodeksi va "Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida"gi Qonunda belgilangan soliq imtiyozlari, shuningdek, bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar Texnopark ishtirokchilari, Direksiya va boshqaruv kompaniyasi tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmidan qat’i nazar 10 yil muddatga beriladi.

Texnopark ishtirokchilariga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan quyidagilar taqdim etiladi:

- investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida, shu jumladan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun beriladigan bank kreditlari summasining 50%igacha, biroq 8 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafilliklar;

- investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar.

Texnopark "Olmaliq KMK" AJning Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi hududining hamda "Maksam-Chirchiq" AJning 51-son metalli natriy ishlab chiqarish syexining jami 31,24 gektar maydonida tashkil etiladi.

"O‘zkimyosanoat" AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirish hisobiga quyidagilarni:

-  "Olmaliq KMK" AJning Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasidagi 89 378 kv. metr bino-inshootlarni va ular joylashgan 25,66 gektar yer maydonlarini "Olmaliq KMK" AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini mos ravishda kamaytirish hisobiga qoldiq (balans) qiymatida;

-  "Maksam-Chirchiq" AJning 51-son metalli natriy ishlab chiqarish syexining 22 923,7 kv. metr bino-inshootlarini va ular joylashgan 5,58 gektar yer maydonlarini qoldiq (balans) qiymatida "O‘zkimyosanoat" AJga berish amalga oshiriladi.

Bunda, o‘tkazilayotgan mulk, mulkiy huquqlar, jumladan ustav kapitalidagi aksiyalar va ulushlar qiymati soliq solish obyekti hisoblanmaydi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 04-fevraldan kuchga kirgan.