Ushbu jinoyat ishi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi K. Tolliboyev raisligida hamda sudyalar E. Ergashev va R. Orziqulovdan iborat sud tarkibida koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining 2020-yil 21-sentyabrdagi hukmiga koʻra,
N. Ovlayev Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 241-1-moddasi (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismi, 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash) 3-qismi va 104-moddasi (qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor aybdor deb topildi. Unga oʻtash uchun uzil-kesil 2 yil 6 oy ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
A. Janqabilov Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 234-moddasi 1-qismi, 235-moddasi 3-qismi va 104-moddasi 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga oʻtash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sh. Raxmonov Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan aybsiz deb topilib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 3-bandiga asosan oqlandi. Sh. Raxmonovning harakatlari Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismidan shu moddaning 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlariga qayta kvalifikatsiya qilindi. Sh. Raxmonov Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 241-1-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga oʻtash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
A. Tojinorov Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismining “d” bandi bilan aybsiz deb topilib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 3-bandiga asosan oqlandi. A. Tojinorovning harakatlari Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismidan shu moddaning 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlariga qayta kvalifikatsiya qilindi. A. Tojinorov Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga oʻtash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
B. Gʻayratov Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 241-1-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga oʻtash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Mazkur jinoiy ish boʻyicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy sudi matbuot xizmati