Toshkent shahar hokimligining xabar berishicha, bugun 3-iyun kuni Toshkent shahar hokimligi binosida Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari – Shtab boshligʻi polkovnik S.T.Zuparov va Toshkent shahar hokimi Sh.B.Umurzakov ishtirokida marhum Abdumannop Samiqov oila aʼzolari va Nurmuhammad Mamasaliyevga davlat mukofotlari topshirildi.

Shuningdek, bugun, 3-iyun kuni marhum A.Samiqovning turmush oʻrtogʻiga 50 mln soʻm, N.Mamasaliyevga 25 mln soʻm miqdorda moddiy yordam topshirildi.

Eslatib oʻtamiz, shu yilning 5-may kuni Toshkent shahridan oqib oʻtuvchi Boʻrijar kanalidan choʻkayotgan ikki nafar qizaloqni qutqarib, oʻzi qahramonlarcha halok boʻlgan mard va jasur vatandoshimiz Abdumannop Samiqov va ushbu qizaloqlarni qutqarishda jonbozlik koʻrsatgan “Boʻrijar“ sport majmuasi ishchisi Nurmuhammad Mamasaliyevlarni Davlatimiz rahbari “Jasorat“ medali bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi.