Yangi oʻquv yilining ilk kunlaridan ular soni yana bittaga koʻpaydi. Ilm maskanining ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi, “Chortoq haqiqati” gazetasi muxbiri, taniqli ijodkor Manzura Otaqoʻziyeva tashabbusi bilan “Oltin qalam” klubi ochildi.
Nazm, nasr, publitsistikaga qiziqqan, oʻz kelajagini jurnalistika sohasi bilan bogʻlashga ahd qilgan 20 nafardan ziyod havaskor oʻquvchilar ustozlari koʻmagida maktab radiosi faoliyatini yoʻlga qoʻyishdi.
8-sentyabrdan buyon jaranglayotgan “Chortoq FM 53” radioeshittirishlari dasturlari xalq taʼlimi tizimidagi yangiliklar, maktab hayoti va faoliyati, ilm maskanida erishilayotgan yutuq va muvaffaqiyatlarga oid mavzularni qamramoqda. Oʻz navbatida, radiodasturlar jarayonida izlanuvchan va iqtidorli bolalarning chiqishlari, ijod namunalariga keng oʻrin berilmoqda.
Ijodiy dasturlar ustida tinimsiz izlanayotgan yoshlar shu kunga qadar 15 ga yaqin radioeshittirish, ayniqsa, oʻquvchilarning ijod mahsuli boʻlgan “Chortoq gʻunchalari” kitobi taqdimoti, “Butunjahon tozalik” kuni munosabati bilan efirga uzatilgan eshittirishlar tinglovchilarga manzur boʻldi. Mediaolamning boʻlajak vakillari ayni kunlarda 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan “Ustozga ehtirom”, “Muallim, sizga taʼzim!” mavzuida radiodasturlar tayyorlab, muxlislarga tuhfa etmoqda.
Ahamiyatlisi, “Chortoq FM 53” dasturi eshittirishlari va ijodiy jarayonlar ijtimoiy tarmoqlarda ham keng ommalashmoqda. Ayni paytgacha ilm maskanining Facebookdagi sahifasi, tuman xalq taʼlimi boʻlimi hamda maktabning Telegram ijtimoiy tarmogʻidagi sahifalarida hamda turli saytlar orqali eshittirishlar keng jamoatchilikka havola qilindi.
Yosh ijodkorlar yaqin kunlarda ingliz va rus tillarida ham radiomateriallar taqdim etish saʼy-harakatida.
Orifjon JOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri