Unda sohaga oid koʻplab imkoniyat va imtiyozlar xususida soʻz bordi. Jumladan, birgina joriy yilda 170 ta yirik chorvachilik loyihalari va xonadonlarda kooperatsiya orqali 249 ta loyihani amalga oshirish belgilangani aytib oʻtildi.
Buning uchun, fevral oyida qabul qilingan qaror bilan chorvachilik xoʻjaliklariga goʻshtning har bir kilogrammi uchun toʻlanadigan subsidiya 2 ming soʻmdan 4 ming soʻmga, sutning har bir litri uchun 200 soʻmdan 400 soʻmga oshirildi.
Olib kelinadigan qishloq xoʻjaligi texnikasi barcha toʻlovlardan ozod etildi. Sohaga 170 million dollar imtiyozli kredit liniyalari ochildi, 200 ming gektardan ziyod paxta va gʻalla maydonlariga ozuqabop ekinlarni almashlab ekish belgilab olindi.
Xususan, oʻzim rahbarlik qilayotgan tuman misolida gapiradigan boʻlsam, Prezidentning tegishli qarorlari Ohangaronda chorvachilikni rivojlantirish yoʻlidagi ishlarga mustahkam zamin boʻlmoqda.
Masalan, shu vaqtga qadar tuman fermerlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 6,2 mlrd. soʻm miqdorida subsidiyalar ajratildi.
Hududimizda chorva mollarini sanoat usulida boqishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Qoramolchilik yoʻnalishida 43 ta zamonaviy chorva komplekslarini qurishni oʻzimizga reja qilib olganmiz. Hozirgi kunda 32 ta zamonaviy chorva kompleksi ishga tushirildi, qolgan 11 tasida qurilish ishlari olib borilmoqda.
Qoʻychilik yoʻnalishida esa belgilab berilgan dastur boʻyicha 52 ta zamonaviy chorva komplekslarini ishga tushirishishimiz kerak edi. Hozirgi kunda 39 tasi ishga tushirilib, qolganlarida qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ushbu chorva komplekslariga 2021-yilning yanvar oyidan 2022-yilning may oyigacha chetdan naslli 53 ming 25 bosh yirik shoxli qoramol, 31 ming 11 bosh qoʻy va echki olib kelindi.
Naslni yaxshilash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Mavjud chorva mollarining zotini yaxshilash maqsadida yil boshidan 5,5 ming bosh sigir sunʼiy urugʻlantirildi.
Chorva mollarining zotini tez va arzon usulda yaxshilash uchun sigirlarga embrion koʻchirib oʻtkazishni yoʻlga qoʻyishni reja qilganmiz.
Shu kunlarda ushbu masalada Veterinariya qoʻmitasi, Chorvachilik ilmiy-tadqiqot instituti va Argentina davlatining “Werthein Agro” kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Shuningdek, Argentina delegatsiyasi bilan boʻlib oʻtgan kelishuvga asosan tumanda chorvachilik kompleksini joriy etish va rivojlantirish uchun 200 mln. dollarga yaqin investitsiya jalb etilishi kutilmoqda. Buning natijasida mahsuldorligi kamayib qolgan hamda oʻzimizning mahalliy sigirlarga embrion oʻtkazish hisobiga 100 foizli naslli buzoq olish yoʻlga qoʻyiladi.
Yerlarimizning asosiy qismi qir-adirlardan iboratligi va iqlim nisbatan yumshoqligi sababli, jun yoʻnalishidagi merinos zotli qoʻylar, angor echkilarni koʻpaytirishga qulay. Avvallari Ohangaron tumanida 70 ming boshgacha jun yoʻnalishidagi merinos qoʻylar angor echkilar boqilgan.
Maʼlumot uchun: 2016-yilda 105 bosh merinos qoʻylar boʻlgan. Ushbu chorva hayvonining zotini yaxshilash uchun Rossiyadan 50 bosh zotli merinos qoʻchqorlar, 670 bosh zotli merinos sovliq qoʻylar olib kelindi. Hozirgi kunda ularning soni 4 ming 100 boshga, angor echkilar soni 7 ming 800 boshga yetdi.
Tumanda suv tanqisligi bilan bogʻliq muammoni hal etish uchun innovatsiya vazirligi bilan hamkorlikda Turkiya davlatidan quduq qaziydigan mashina olib kelindi. Ushbu texnikaning afzalligi 5 kunda 1200 metrgacha quduq qazish imkoniyati mavjud.
Bugungi kunda 3 ming 283 gektar yer maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Bu ishlar tizimli davom ettirilmoqda. Misol uchun, Avstriya davlatining “BAUER” kompaniyasi tomonidan “Abdurahim ota” MCHJ – 312 gektar, “Sherzod Bekzod faxri” fermer xoʻjaligida 200 gektar yer maydonida yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi yoʻlga qoʻyildi. Bunda har bir gektar yer maydondan olinadigan hosil 3 barobargacha oshmoqda.
Shuningdek, Innovatsiya vazirligi bilan hamkorlikda yangi texnologiya asosida silos tayyorlash, gidroponika usulida ozuqa tayyorlash va oʻzimizning lavlagi, beda urugʻchiligi boʻyicha ish olib borilmoqda.
Shuni ham taʼkidlash joizki, Prezidentimiz boʻlib oʻtgan yigʻilishda soha mutasaddilari va hududlar rahbarlariga bajarilishi lozim boʻlgan aniq vazifalarning yechimini koʻrsatib berdi.
Shundan kelib chiqib, aholini oziq-ovqat, jumladan, chorvachilik mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash borasida zimmamizga yuklangan vazifalarni samarali ado etishda bor kuch-gʻayratimizni ayamaymiz.
Abdurasul ABDULLAYEV,
Ohangaron tumani hokimi