Qarorga koʻra, quyidagilar tasdiqlandi:

— 2025-yilda goʻsht va sut ishlab chiqarish hajmining prognoz koʻrsatkichlari;

— 2025-yilda parranda goʻshti va parranda tuxumi yetishtirish hajmining prognoz koʻrsatkichlari;

— 2025-yilda hududlarda parrandachilik kooperatsiyasi tizimi asosida aholi bandligini taʼminlash koʻrsatkichlari;

— 2025-yilda parranda mahsulotlarini eksport qilishning prognoz koʻrsatkichlari.

2025-yil 1-apreldan 2028-yil 1-yanvargacha chorvachilik va parrandachilik xoʻjaliklari tomonidan Davlat byudjetiga toʻlangan QQSning 50 foizini har oyning 25 sanasigacha qaytarish tartibi joriy etiladi. 

Parrandachilikning goʻsht va tuxum yoʻnalishida kooperatsiya tizimi asosida 1 million aholini ish bilan taʼminlash boʻyicha “Parranda boqish – daromad topish” loyihasi amalga oshiriladi.

Naslchilik korxonalari uchun ularning asosiy faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi, mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni 50 foiz pasaytirilgan stavkada toʻlash shaklidagi soliq imtiyozlarining amal qilish muddati 2028-yil 1-yanvargacha uzaytiriladi.