Milliy matbuot markazida davlatimiz rahbarining 2025-yil 30-yanvardagi “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni, “Chorvachilik va parrandachilikni qoʻllab-quvvatlash sohasida yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish toʻgʻrisida qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori boʻyicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Tadbirda soha mutaxassislari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, Farmon bilan yaylovlarni boshqarishga oid vazifa va funksiyalarning Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasiga berilganligi sohada yagona vertikal boshqaruv tizimini amalga oshirishga imkon yaratdi. Bir necha yillardan buyon Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi tasarrufida faoliyat yuritib kelayotgan Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti va Buxoro choʻl-yaylov ozuqabop oʻsimliklar urugʻchiligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi ham endilikda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tasarrufida faoliyat yuritishi belgilandi.

Bundan tashqari, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisining chorvachilik va yaylov xoʻjaligini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi ham joriy etilib, unga yaylov yerlaridan samarali foydalanish va ularni muhofaza qilish, yaylov yerlarini ijaraga berishni tashkil etish, shartnomaviy munosabatlarni monitoring qilish, qorakoʻl zotining genofondini saqlash kabi bir qator vazifalar yuklatildi.

Mazkur Farmon bilan chorvadorlarga katta imtiyozlar ham taqdim etildi. Jumladan, yaylovlar 49-yilgacha ijaraga berilishi, hududiy yaylov xoʻjaliklarining doimiy foydalanishdagi yaylov yer maydonlari soliq solinadigan bazaga kiritilmasligi belgilandi, — deydi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi boshqarma boshligʻi, fan doktori Alisher Safarov.

Respublikamizda yaylovlar qishloq xoʻjalik yerlarining eng katta qismini egallaydi. Yaylovlardan samarali foydalanish xalqimizning oziq-ovqatga boʻlgan talabini taʼminlashda muhim rol oʻynaydi.

Yaylovlarda asosan chorva mollari boqiladi. Shu sababli yaylovlar degradatsiyasining oldini olish, turli xil oʻsimliklar bilan boyitish, oʻsimliklar xilma-xilligini saqlab qolish chorvachilik mahsulotlari yetishtirishning asosiy omillaridan hisoblanadi. Bu masala olimlar zimmasiga katta vazifalar va masʼuliyat yuklaydi.

Mavjud yaylovlarning qariyib 20 % qismi togʻ va togʻ oldi yaylovlari hisoblanadi. Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Buxoro choʻl yaylov ekinlari urugʻchiligi markazi choʻl yaylovlari bilan shugʻullansa, Chorvachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari togʻ va togʻ oldi yaylovlari bilan shugʻullanadi, — deydi Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Erkin Shaptakov.

Qoʻmita tasarrufidagi ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari yaylovlarni yaxshilash boʻyicha bir qancha ilmiy ishlanmalar ishlab chiqqan. Jumladan, chorva mollarini 4 dalali sxemada boqish, yaylovlarni past kuchlanishli elektr simlari bilan oʻralgan holda boqish va boshqalar. Shu bilan birga yaylov oʻsimliklari urugʻchiligi bilan ham ish olib borishadi.

Matbuot anjumani soʻngida jurnalistlar mutaxassislardan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Zulxumor AKBAROVA