Tumanimizda hozirgi kunda qoramolchilikda 22 ta chorvachilik fermer xoʻjaligi mavjud boʻlib, shundan 6 tasi naslchilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Bu fermer xoʻjaliklarida hududimizga moslashtirilgan “Golshtinfriz”, “Simmental”, “Shves”, “Qora-ola” zotiga mansub qoramollar parvarishlanmoqda. Chorvachilikda naslchilik ishlari bilan shugʻullanuvchi 6 ta naslchilik fermer xoʻjaliklari rahbarlariga Inspeksiyaning tuman boʻlimi tomonidan “Naslchilik toʻgʻrisida”gi Qonun talablarini bajarish yuzasidan koʻrsatma xatlari berildi.

Prezident qarorida chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xoʻjaliklarga davlat tomonidan respublika hududida faoliyat yuritayotgan naslchilik xoʻjaliklaridan sotib olingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 mln. soʻm miqdorida subsidiya ajratilishi belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasining “Naslchilik toʻgʻrisida”gi Qonunida naslchilik xoʻjaliklariga belgilangan talablarlardan kelib chiqib hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-martdagi “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan naslchilik subyektlari uchun 2021-yilning 1-yanvardan 2024-yilning 1-yanvariga qadar naslchilik subyektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi (tijorat banklarida joylashtirilgan mablagʻlardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qoʻllanilishi belgilandi.

2021-yil 1-iyuldan boshlab esa qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlgan: chorvachilik xoʻjaliklariga — oʻz xoʻjaliklarida yetishtirilib, goʻsht uchun realizatsiya qilingan yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun 2000 soʻm hamda sutining har bir litri uchun 200 soʻm; Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-maydagi “Chorvachilik tarmogʻiga davlat tomonidan subsidiya ajratishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xoʻjaliklarga davlat tomonidan: respublikadagi naslchilik xoʻjaliklarida yetishtirib sotilgan nasldor qoramolning har bir boshiga 1 million soʻm; xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million soʻm, nasldor qoʻy va echkining har bir boshiga 400 ming soʻm miqdorda subsidiya ajratilishi belgilangan.

Qoʻychilik, parrandachilik, baliqchilik hamda asalarichilik sohalarida davlat tomonidan subsidiyalarning ajratilishi ham ushbu tarmoqlarni jadal rivojlantirish, zamonaviy va innovatsion uslublarni joriy etish, mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, qolaversa, aholini mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan sifatli va arzon chorvachilik mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlashga zamin yaratadi.

Faxriddin SAYFIDDINOV,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi

Toʻraqoʻrgʻon tuman boʻlimi katta inspektori