Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Davlat tender komissiyasining tegishli qaroriga asosan Toshkent viloyati, Bo'stonliq tumanidagi “Chorvoq oromgohi” dam olish maskanining yaxlit mulkiy majmua sifatida ommaviy savdo jarayonlari boshlangani va shu sababli dam olish maskanini 8 ta alohida lotlari bo'yicha savdo jarayonlari to'xtatilganini e'lon qiladi. Bu haqida agentlik o'z rasmiy saytida xabar qildi.

Davlat aktivlarini sotish ikki bosqichda o'tkaziladi. Bunda:

birinchi bosqichda talabgorlar oldindan malakalanadi (saralanadi), jumladan, savdolarda qatnashish uchun talab qilingan hujjatlarning to'liqligi, zakalat puli kelib tushganligi, davlat aktivlaridan kelgusida foydalanish yo'nalishlariga qo'yilgan talabga nisbatan talabgor tomonidan taklif etilgan biznes kontseptsiyasi loyihasining maqbul yoki maqbul emasligi ko'rib chiqiladi;

ikkinchi bosqichda – talabgorning tijorat takliflari (sotib olish narxi va to'lovni amalga oshirish muddati) hamda to'lov qobiliyati baholanadi.

Davlat tender komissiyasi tomonidan savdoning birinchi bosqich yakunlari bo'yicha qarori qabul qilingan kundan boshlab, 3 ish kuni mobaynida jarayonning birinchi bosqichi natijalari bo'yicha ikkinchi bosqichga o'tgan talabgorlar to'g'risida Davaktiv agentligi tomonidan o'zining rasmiy veb sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar orqali e'lon beriladi hamda birinchi bosqichda ishtirok etgan barcha talabgorlarga rasmiy xabarnoma yuboriladi.

Savdoning ikkinchi bosqichiga o'tgan talabgorlar to'g'risida Davaktiv agentligi tomonidan o'zining rasmiy veb saytida e'lon chop etilgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida savdoning ikkinchi bosqichida qatnashish uchun ariza namunasi to'ldirilib, “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali takliflar taqdim etiladi.

Davlat tender komissiyasi yoki ishchi organ o'z xohishiga ko'ra hech qanday majburiyatni o'z zimmasiga olmagan holda, har qanday vaqtda savdoni to'xtatishi hamda savdo jarayonida talabgorlardan qo'shimcha va/yoki aniqlashtiruvchi ma'lumotlar so'rashi mumkin.

Savdo jarayoni bo'yicha taklif va e'tirozlar yuzaga kelganda, Davaktiv agentligining (+99871) 259-21-37 yoki qisqa 1082 ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.