Chorvoq suv omboriga kanalizatsiya oqova suvlari oqib tushayotgani rostmi?

    Yashil sayyora 3 Oktabr 2022 1331

    Davlat ekologiya qoʻmitasi raisi N.Oblomuradov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida oʻrganish oʻtkazildi.

    Ijtimoiy tarmoqlar orqali Chorvoq suv omboriga kanalizatsiya oqova suvlari oqib tushayotgani haqida eʼlon qilingan xabar yuzasidan Davlat ekologiya qoʻmitasi raisi N.Oblomuradov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida oʻrganish oʻtkazildi, deya qoʻmita axborot xizmati xabar berdi.

    Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan oʻrganishlar davomida Boʻstonliq tumani Novobod mahallasidagi “Chorbogʻ oromgohi”ning yuqori hududida “Chimgonsoy” soyidan oqib oʻtuvchi suvlar avtomobil yoʻlining tag qismidagi quvur orqali suv omboriga quyilayotganganligi, xabarda keltirilgani kabi suv omboriga maishiy va ishlab chiqarish oqova suvlari oqizilmayotgani maʼlum boʻldi.

    Shundan soʻng mutaxassislar tomonidan laboratoriya tahlili uchun suvdan namunalar olindi.

    Ishchi guruhi tomonidan Chorvoq suv ombori atrofida joylashgan xizmat koʻrsatish obyektlari, tadbirkorlik subyektlari, jumladan, mehmonxonalar, pansionatlar va boshqa aholi dam olish maskanlarining oqova suvlarni tozalash holati, shuningdek, Boʻstonliq tumanida aholi va turistlar uchun qulay sharoitlar yaratish, mavjud infrastrukturani yanada yaxshilash, chiqindi toʻplash shaxobchalari va chiqindi qutilari tarmogʻini kengaytirish masalalari oʻrganilmokda.