Oʻzbek xalqidek choyxoʻr xalq boʻlmasa kerak. Sal tobimiz qochsa, yoki uyimizga mehmon kelsa darhol aytiladigan gap ham “Issiq-issiq choydan iching”, “shirin choy iching” yoki achchiq qora choy, koʻk choy iching, kabilar boʻladi. Lekin baʼzida choy ichish salomatlik uchun salbiy oqibatlarning rivojlanishiga olib kelishini bilamizmi?

Rossiyalik diyetolog, tibbiyot fanlari doktori Mixail Ginzburgning aytishicha, oshqozon bilan bogʻliq muammolardan qiynalayotgan odamlar choy ichmaganlari maʼqul.Chunki choy meʼda shirasi ajralishini kuchaytirib, kasallikni yana-da avj oldirishi mumkin. Shuningdek, Ginzburgning soʻzlariga koʻra, birinchi navbatda, organizmning individual reaksiyasiga eʼtibor qaratish kerak. Chunki baʼzi hollarda qora choy ichish noxushlikni keltirib chiqaradi, koʻk choy esa, aksincha, yaxshi qabul qilinadi. Ammo oshqozonning kuchli yalligʻlanishida ikkala ichimlik ham salbiy oqibatlarga olib kelishi hech gap emas.

Bundan tashqari baʼzida choy ichish gipertoniklarda qon bosimining oshishiga sabab boʻlishini taʼkidladi. Mutaxassis qora va koʻk choy xususiyati moddalarning har xil nisbati tufayli biroz farq qilishini tushuntirdi. Masalan, koʻk choy yalligʻlanishga qarshi taʼsirga ega boʻlsa, qora choy tetiklashtiradi.