Xoʻsh, CIR (cost to income ratio) qanday hisoblanadi? Buning uchun hisobot davridagi bank operatsion xarajatlarining bank operatsion daromadlariga nisbati inobatga olinadi.
Operatsion xarajatlar deganda, albatta, bankning ish haqi, ijara va taʼminot, xizmat safari va transport, maʼmuriy, reprezentatsiya va xayriya, eskirish, sugʻurta, soliq va shu kabilarga yoʻnaltirilgan sarfini tushunamiz.
Operatsion daromad – bankning sof foizli daromadlari va sof foizsiz daromadlari yigʻindisidan iborat.
Oʻz navbatida, sof foizli daromad foizli daromaddan foizli xarajatlar ayirmasini hamda sof foizsiz daromad esa foizsiz daromaddan foizsiz xarajatlar ayirmasini tashkil etadi.
Mazkur hisoblash metodologiyasidan ayni paytda Yevropa Markaziy banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki va boshqa tashkilotlar foydalanadi.
Xuddi shunday, bizda ham tijorat banklari tomonidan har oy yakuni boʻyicha balans maʼlumotlari boʻyicha hisobot tayyorlanib, Markaziy bankka taqdim etib boriladi. Unga koʻra, 2021-yilning 1-yanvar holatiga Xalq banki operatsion samaradorlik koʻrsatkichi (CIR) 49,3 foizni tashkil etdi.
Bu koʻpmi yo kam? Savol javobini quyidagi maʼlumotlardan topasiz: bank amaliyoti uchun maqbul boʻlgan CIR koʻrsatkichining tavsiyaviy meʼyori 50 foizgacha!
Bank Axborot xizmati









