“Condor Energies Inc.” kompaniyasi bilan hamkorlikda yirik loyiha amalga oshiriladi

    Sanoat 2 Fevral 2024 1941

    “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Condor Energies Inc.” (Kanada) kompaniyasi oʻrtasida tabiiy gaz qazib olish va zaxiralar hajmini oshirish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi.

    Mazkur hamkorlikdan koʻzlangan asosiy maqsad Gazli hududidagi 8 ta gaz kondensat konlarida uglevodorod qazib chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishdir.

    Ushbu loyihaning amalga oshirilishi tabiiy gaz ishlab chiqarishni koʻpaytirish va uni respublika ichki bozoriga yetkazib berishni taʼminlash, shuningdek, karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirishga yordam beradi.

    “Condor Energies Inc.” Markaziy Osiyo va Turkiyada oʻz loyihalarini amalga oshiruvchi xalqaro energetika kompaniyasi hisoblanadi. Xususan, kompaniya Markaziy Osiyoda birinchi suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish zavodini ishga tushirish va Qozogʻistonda litiy shoʻr suvini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirmoqda.

    “Condor Energies Inc.” prezidenti va bosh ijrochi direktori Don Stryu Oʻzbekistonda tabiiy gaz qazib olish va zaxiralar hajmini oshirish borasida “Oʻzbekneftgaz” AJning strategik operatsion hamkori sifatida tanlanganidan mamnunligini bildirdi.

    Kompaniyaning rejasi konlarni qazib olish va optimallashtirishning ilgʻor texnologiyalarini joriy etish va chiqindilarni kamaytirishni oʻz ichiga oladi, deb xabar beradi “”Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.

    Taʼkidlash joizki, “Oʻzbekiston neft va gaz – OGU 2023” xalqaro 25-yubiley koʻrgazmasida Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Condor Energies Inc.” oʻrtasida Gazli hududida joylashgan konlarda uglevodorod qazib olishni koʻpaytirish loyihasini amalga oshirishning asosiy shartlari boʻyicha bitim imzolangan edi.