Oʻzbekistonning Kanadadagi elchisi (qarorgohi – Vashingtonda) Javlon Vahobov “Condor Petroleum Inc.” neft va gaz kompaniyasi (Kanada) direktori va kengashi raisi Dennis Balderston hamda kompaniya prezidenti Don Streum bilan onlayn-muzokara oʻtkazdi.
Tadbirni oʻtkazishdan maqsad xorijiy investorlarni Oʻzbekistonda geologik qidiruvni kengaytirish va tabiiy gaz qazib olishni koʻpaytirish boʻyicha istiqbolli loyihalarga jalb qilishdan iborat boʻldi.
“Condor Petroleum” Oʻzbekiston iqtisodiyotiga oʻz kapital qoʻyilmalari va ishlab chiqarish operatsiyalari xarajatlari hisobidan 1 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritishga, shuningdek, ushbu sohaga zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etishga tayyorligi maʼlum qilindi. Bundan tashqari, kompaniya Oʻzbekistonda turli xil mutaxassisliklar boʻyicha mahalliy kadrlar tayyorlash uchun Kanada kasb-hunar maktablarini yaratish, shuningdek, ijtimoiy loyihalarga mablagʻlar yoʻnaltirishni rejalashtirgan.
Kompaniya prezidenti Don Streum “Condor Petroleum” kamida beshta mavjud gaz konlarida faoliyat olib borishga tayyorligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, kompaniya mutaxassislari Buxoro viloyati Gazli shaharchasidagi beshta ishlab chiqarish maydonlarini oʻrganib chiqqan. Ushbu loyiha 2021-2024-yillarda amalga oshiriladi.
Muzokaralar davomida “Condor Petroleum” kompaniyasi Oʻzbekistonda innovatsion yechimlar va zamonaviy ilgʻor texnologiyalar joriy etish hisobidan tabiiy gaz qazib olish va uning zaxiralarini sezilarli darajada oshirishga hissa qoʻshishi taʼkidlandi.
“Condor Petroleum” rahbarlari mavjud konlardan gazni qazib olishni ikki baravar koʻpaytirish turli xarajatlarni kamaytirishga, shuningdek, elektr energiyasini ishlab chiqarish, transport vositalari va ogʻir uskunalarni ishlatishda suyultirilgan tabiiy gazdan keng foydalanish va dizel yoqilgʻisiga bogʻliqlikdan xoli boʻlishga xizmat qiladi.
“Condor Petroleum” 1994-yil tashkil etilgan boʻlib, u Markaziy Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerika, Indoneziya, Liviya, Angola, Turkiyada faoliyat olib boradi. Kompaniya Markaziy Osiyo mintaqasida eng yirik va texnik jihatdan ilgʻor seysmik maʼlumotlarni yigʻish va qayta ishlash 3D dasturiga ega. Mazkur mukammal dastur qidiruv ishlari olib borish uchun umumiy salohiyati 1,5 milliard barreldan ortiq boʻlgan 79 ta istiqbolli neft qazib olish obyektini aniqlashga imkon berdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.