Tadqiqotlarda qayd etilishicha, koronavirus bilan kasallangan odamlarning 5 foizi uzoq muddatga hid yoki ta'mni yo'qotmoqda. Mutaxassislarning fikriga ko'ra, ushbu holat «jamoat salomatligining yangi inqirozi»ga olib kelishi mumkin. Bu haqda NBCnews xabar bermoqda.

Tahlillarga ko'ra, COVID-19 bilan kasallangan bemorlarning taxminan 5 foizi - butun dunyo bo'ylab taxminan 27 million kishi uzoq vaqt davomida hid yoki ta'mni yo'qotishdan aziyat chekmoqda. Tadqiqotchilar ko'plab qit'alar bo'ylab hid hamda ta'mni yo'qotish bo'yicha avvalgi 18 ta tadqiqotni baholadilar. Ma'lum bo'lishicha, ta'm yoki hidni yo'qotishdan aziyat chekkanlarning to'rtdan uch qismi 30 kun ichida bu hislarni tiklagan. Ammo taxminan 5 foiz odamlar COVID-19 bilan kasallanganidan olti oy o'tgach «doimiy disfunktsiya» haqida xabar berishgan.

«Dunyo bo'ylab millionlab odamlarning hid bilish qobiliyati pasayganligi sog'liqni saqlashning navbatdagi inqirozi bo'lishi mumkin», dedi Stenford universiteti tadqiqodchisi Zara Patel.

Ma'lumot uchun, hid bilishni yo'qotish pandemiyaning dastlabki kunlarida COVID-19 ning aniq belgilaridan biri edi.