Shu bois emlashga kimlar jalb qilinishi, vaksina yuborishdan oldin koʻngillilar qay tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi, uni qabul qilgan odamlarning salomatligidagi oʻzgarishlar qanday nazorat qilib borilishi borasidagi savollar jamoatchilik eʼtibor markazida boʻlib turibdi. SSV Matbuot xizmatining bu kabi savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshliq oʻrinbosari Botirjon QURBONOV javob berdi.
— Ilmiy tajriba sifatida oʻtkazilayotgan emlash jarayonida kimlar qatnashishi mumkin?
— Avvalo, aholi vakillari ushbu emlash jarayoni vaksinaning xavfsiz va samarali ekanini aniqlash hamda uning mintaqamiz sharoitida qanday taʼsir etishini tadqiq qilish maqsadida oʻtkazilayotganini unutmasliklari lozim.
Klinik-sinov tarzida oʻtkazilayotgan emlashda 18 yoshdan oshgan koʻngilli fuqarolarimiz qatnasha oladi. Ular “COVID-19” infeksiyasi bilan umuman zararlanmagan boʻlishlari talab etiladi. Chunki koronavirusga chalinib, tuzalganlar tanasida antitanachalar mavjud boʻlib, vaksinaning organizmga qanday taʼsir qilganini aniqlashga halaqit beradi.
Bundan tashqari, ayni vaziyatda koronavirus bilan ogʻrigan bemorlarga ham vaksina qilinmaydi. Koʻngilli yurtdoshlarimiz tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, turli surunkali kasalliklardan xoli ekani oʻrganiladi. Surunkali kasalligi bor va isitmalayotgan, qon bosimi meʼyoridan yuqori, qon kasalliklari mavjud, immun tanqisligi bilan kasallangan, saratonga chalingan bemorlar hamda homilador va farzand koʻrish istagidagi ayollar ham bu jarayonda qatnashishi mumkin emas.
— Emlashdan oldin qanday tibbiy tekshiruvlardan oʻtkaziladi?
— Emlashdan oldin koʻngilli fuqarolarning qon taxlili ekspress usulda oʻrganiladi. Bunda organizmda infeksiyaga qarshi antitanachalar yoʻqligi hamda koronavirus kasalligiga chalinmagani aniqlanadi. Shuningdek, burun va halqumdan olingan surtmalar PZR orqali tekshirilib, tanada “COVID-19” virusi yoʻqligiga ishonch hosil qilinadi.
— Ayni paytgacha qancha koʻngilli emlandi?
— Shu yilning 22-dekabr sanasiga koʻra, 226 nafar koʻngilli fuqarolar vaksina bilan emlandi. Yurtdoshlarimizning vaksina toʻgʻrisidagi fikr-mulohazalarini bildirishi hamda koʻngilli sifatida emlashda qatnashish niyatida murojaat qilishi uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan maxsus sayt yaratilmoqda. Ayni paytda nazoratga olish imkoni keng boʻlgani uchun asosan poytaxtda yashovchi koʻngilli yurtdoshlarimiz ushbu vaksina bilan emlanmoqda.
Qayd etish joiz, koʻngillilar koronavirusga qarshi klinik-sinov tarzda emlanayotgan Xitoyning “Rekombinat” vaksinasi birinchi va ikkinchi klinik-sinov jarayonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan. Shu paytgacha uchinchi faza klinik-sinovlari davomida emlanganlar oʻrtasida ham salbiy asoratlar aniqlanmagan. Ular doimiy ravishda shifokorlar nazoratida boʻlib turibdi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.