Karantin paytida Oʻzbekistonga kirish va chiqish tartibi qanday?

    Ijtimoiy hayot 11 Avgust 2020 3991

    COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq karantin choralari paytida Oʻzbekistonga kirish va chiqish tartibi toʻgʻrisida koʻp soʻraladigan savollarga Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati javob beradi:

    Savol: COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq karantin choralari davrida fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi kirish tartibi qanday?

    Javob:

    1. 2020-yil 15-iyundan boshlab quyidagi toifadagi fuqarolarga aviaqatnovlar orqali Oʻzbekistonga kirish uchun karantin choralari soddalashtirildi:

    - xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari hamda ularning oila aʼzolari;

    - investitsiya loyihalari doirasida xorijiy kompaniya va boshqa tashkilotlarning Oʻzbekistonda ishlayotgan mutaxassislari;

    - davolanish uchun kelayotgan shaxslar;

    - Oʻzbekistonda “doimiy yashash joyiga ega” xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar.

    Ushbu toifadagi fuqarolar mamlakatga kirish uchun ruxsatnoma soʻrab Oʻzbekiston Respublikasining tegishli organlariga murojaat qilishlari shart emas.

    2. Xorijda vaqtincha boʻlib turgan yoki chet elda doimiy asosda yashovchi va vatanga aviaqatnovlar orqali qaytishni istayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining mamlakat hududiga kirishlarida hech qanday cheklovlar koʻzda tutilmagan.

    3. Oʻzbekistondan tranzit orqali boshqa davlatga ketayotgan chet el fuqarolarning mamlakat hududidan oʻtishlariga xorijiy davlat diplomatik vakolatxonasi va konsullik muassasasining Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga avvaldan qilgan soʻrovlari asosida ruxsat beriladi.

    Savol: COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq karantin choralari paytida fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish tartibi qanday?

    Javob:

    1. 2020-yil 15-iyundan boshlab quyidagi toifadagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga aviaqatnovlar orqali Oʻzbekistondan chiqib ketish uchun karantin choralari soddalashtirildi:

    - davolanish uchun chiqayotgan shaxslar;

    - xorijda yaqin qarindoshlari yohud ogʻir kasal boʻlgan qarindosh-urugʻlari mavjud boʻlgan shaxslar;

    - xorijiy davlatda doimiy roʻyxatdan oʻtgan Oʻzbekiston fuqarolari;

    - oʻqish yoki ishlash uchun chet elga ketayotgan fuqarolar.

    Ushbu toifadagi fuqarolar mamlakatdan chiqib ketishga ruxsat olish uchun Oʻzbekiston Respublikasining tegishli organlariga murojaat qilishlari shart emas.

    2. Oʻzbekistondan chet elga ketishdan oldin va mos ravishda aviachiptani sotib olishdan oldin 1-bandda koʻrsatilgan fuqarolarga pandemiya paytida ular bormoqchi boʻlgan mamlakatga kirish uchun amaldagi tartib va shartlar hamda karantin choralari toʻgʻrisida zarur maʼlumot olish uchun oʻsha mamlakatning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonasiga murojaat qilish tavsiya qilinadi.

    Aviachiptalarni sotib olish uchun tegishli aviakompaniyalarning vakolatxonalariga murojaat qilish kerak. Chiptalarni sotishda aviakompaniyalar fuqaroning belgilangan mamlakatga kirish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilishi mumkin.

    Shu bilan birga, parvozlar sanitariya qoidalari va tartiblariga qatʼiy amal qilgan holda tashkil etiladi.

    3. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari chet elga yer usti orqali chiqishlari uchun Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasining qarori talab qilinadi.

    4. Xorijiy fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqishiga hech qanday cheklovlar koʻzda tutilmagan.

    5. Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi xorijiy fuqarolarning vizalari muddati avtomatik tarzda 2020-yil 1-noyabrgacha uzaytiriladi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.