COVID-19 pandemiyasi nuqtayi nazaridan gender tenglik va xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi

    Xalqaro hamkorlik 8 Aprel 2022 1196

    Joriy yil 7-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva “COVID-19 pandemiyasi nuqtayi nazaridan gender tenglik va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish akseleratorlari” mavzusidagi xalqaro davra suhbati ishida onlayn formatda ishtirok etdi. Tadbir “BMT-ayollar” tuzilmasi tomonidan tashkil etildi.

    Oliy Majlis Senati Raisi oʻz maʼruzasida ishtirokchilar eʼtiborini COVID-19 pandemiyasidan keyin tiklanish doirasida yangi avlodga doir siyosat, tengsizlik va zoʻravonlikni bartaraf etish uchun harakatlar va investitsiyalar masalalariga qaratdi.

    Xususan, Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash masalalari davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani alohida taʼkidlandi. Soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida xotin-qizlarning jamiyatdagi holatini yaxshilashga, ularning mavqei va ijtimoiy integratsiyasini oshirishga qaratilgan jadal islohotlar amalga oshirilyapti.

    Qabul qilinadigan barcha normativ-huquqiy hujjatlarni majburiy gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tatbiq etildi. 2022-2026-yillarda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining asosiy yoʻnalishi sifatida xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirish masalalari belgilab berilgan. Xotin-qizlar taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish va ularni ehtiyoji boʻlgan kasblarga oʻqitish, sogʻliqni saqlash xizmatlari koʻrsatilishiga qaratilgan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Milliy dastur amalga oshirilyapti.

    Xotin-qizlar huquqlarini targʻib qilish, ularning imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish boʻyicha davlat organi sifatida Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tashkil etildi.

    Bu chora-tadbirlarning barchasi mamlakatimizning gender tenglik, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalariga sodiqligini tasdiqlaydi.

    Davra suhbati doirasida qator xorijiy davlatlarning gender tenglik masalalari bilan shugʻullanuvchi mutaxassislari, ekspertlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining nutqlari va maʼruzalari ham eshitildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.