Farmon bilan quyidagi tartiblar oʻrnatilmoqda:
.Oʻzbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021–2025-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiya boʻyicha 2021–2023-yillarda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi tuzilmasida yuridik shaxs tashkil etmagan holda 15 ta shtat birligidan iborat Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilmoqda. Institutga har yili kamida 15 ta ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, 6 ta davlat sud-ekspertiza muassasalari faoliyatida ilmiy-uslubiy koʻmak koʻrsatish hamda ularda mavjud 700 dan ortiq uslubiy qoʻllanmalarni tanqidiy koʻrib chiqish va amaliyotni uygʻunlashtirish vazifalari yuklatilmoqda.
Davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq sud ekspertiza tadqiqotlarini oʻtkazish huquqi berilmoqda. 2021-yil 1-sentyabrdan iqtisodiy, fuqarolik va maʼmuriy ish yuritishda advokatga sud-ekspertiza tashkilotlarida shartnoma asosida advokat soʻroviga koʻra ekspertiza oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga ruxsat beriladi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ekspertlarini har uch yilda bir marotaba attestatsiyadan oʻtkazish tizimi joriy qilinmoqda.
Farmonga muvofiq 2022-yil 1-martdan aholiga va vakolatli organlarga sud-ekspertlik faoliyatiga doir maʼlumotlar yetkazish va axborot hamkorligining barcha turlarini taʼminlash uchun moʻljallangan “E-ekspertiza” yagona elektron axborot tizimi joriy etiladi. Sud-ekspertiza sohasida kadrlarni tayyorlash oliy taʼlim muassasalarida dual taʼlim prinsipiga muvofiq bakalavr yoki magistratura bosqichlarida taʼlim olayotgan davrda olti oylik ekspertlar tayyorlash kurslarida amalga oshirish imkoniyati yaratilmoqda. 2021–2025-yillarda qoʻshimcha 16 ta sud-ekspertiza turlarini joriy etish vazifasi yuklatilmoqda (misol uchun, radiotexnika, videotexnika, fototexnika va parfyumeriya mahsulotlari kimyoviy tarkibini aniqlash ekspertizalari). (Hozirda sud ekspertiza turlari 55 taga yetkazilgan).
Adliya vazirligiga nodavlat sud-ekspertiza organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish borasida vakolatli organ sifatida qoʻshimcha vazifalar yuklatilmoqda. Adliya vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilmoqda. Bunda jamgʻarmani shakllantirishga byudjet mablagʻlarini yoʻnaltirish talab etilmaydi. Jamgʻarmaning mablagʻlari “E-ekspertiza” yagona elektron axborot tizimini joriy etish, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga subsidiyalar ajratish, yangi ekspertiza turlarini joriy etish, davlat sud-ekspertiza muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda har yili kamida 10 nafar sud ekspertining xorijiy davlatlarda malaka oshirishi va stajirovka oʻtashini yoʻlga qoʻyish uchun sarflanishi rejalashtirilmoqda.