Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida, Surxondaryo viloyati Denov tumani hokimligi, tuman taʼlim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi kengashi, jismoniy tarbiya va sport boʻlimi hamkorligida oʻziga xos, taʼbir joiz boʻlsa supermarafon tashkil etildi.
Kecha surxondaryolik marafonchilar “Denov-Termiz” yoʻnalishi boʻylab 136 kilometrlik masofani yugurish va sportcha yurish bilan toʻliq bosib oʻtish uchun startga chiqqan edi. Ushbu supermarafonda tuman xalq taʼlimi boʻlimi metodisti Faxriddin Xudoyberdiyev, shuningdek, bir guruh jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari, jumladan 4-umumtaʼlim maktabidan Rustam Sherniyozov, 27-umumtaʼlim maktabidan Sherzod Ergashev hamda Akmal Toshev, 52-umumtaʼlim maktabidan Akmal Valiyev, 66-umumtaʼlim maktabidan Dilmurod Boʻtayev, 68-umumtaʼlim maktabidan Musurmon Sattorov hamda 71-umumtaʼlim maktabdan Erkin Toʻrayevlar qatnashdi.
Denov pedagogika va tadbirkorlik instituti binosi oldidan startga chiqqan marafon ishtirokchilari tuni bilan dam olishmagan holda bugun soat 10:00 da Termizga yetib keldi. Yoʻl-yoʻlakay marafonchilar qishloqlar aholisini sogʻlom turmush tarziga targʻib etib borishganini ham alohida eʼtirof etish kerak.