Navoiy viloyatining Navbahor tumani “Qorajon” MFY, Tepa-tup guzari, 29-xonadonida istiqomat qiluvchi fuqaro Ahmad Tursunovdan kelgan, “Dagʻal xashak nima oʻzi?” mavzusidagi maktubni oʻqir ekanmiz, xat egasining yurtimizdagi mavjud qir-adir va yaylovlarga eʼtibor kam qaratilayotganligi haqidagi fikrlari kishini bir oz oʻyga toldiradi.
Yantoq oʻsimligining chorva mollariga nihoyatda foydali ozuqa ekani haqidagi maʼlumotlari esa barchaga birdek qiziq. Yaxshisi keling, Ahmad Tursunov xatidan bir parcha keltiramiz:
“Dagʻal xashaklar ichida yantoq alohida ahamiyatga ega yaʼni xom kilogrammida 0,44 foiz ozuqa borligi bizga fandan maʼlum. Lekin xalqimiz yantoqni ozuqasi kuchliligiga hamda keng yaylovlarda oʻsib yotganligiga eʼtibor ham bermay, bozordan somon yoki bedani qimmat narxda sotib oladi va uyida mol boqadi.
Aslida yantoq ham arzon ham chorva mollariga juda ham foydali ozuqa hisoblanadi. Agar, har bir oila yozning soʻnggi oyida, yaʼni avgustda 20 kun yantoq chopib xashak sifatida gʻamlasa, hovlisida boqadigan mollariga koni foyda boʻladi. Samarqand viloyati Nurobod tumani Jom qishlogʻi aholisining 90 foizi yantoq oʻsimligini chopib, qishga ham gʻamlab ogʻilidagi mollarini boqadi”, deya kuyinib yozadi.
Jumladan, xat muallifi, yaylovlarda oʻsadigan oʻsimliklarni koʻpaytirish va ulardan unumli foydalanish haqida bir qancha tavsiyalarni sanab oʻtish barobarida, avgust oyida xashak gʻamlash boʻyicha aholi oʻrtasida bir oylik “zarbdor yantoq chopish” oyligi eʼlon qilinishini taklifini ham ilgari suradi.
“Yantoq chopish” oyligi uyushtirilsa, xalqimiz boqadigan mollarning ozuqasi koʻproq gʻamlanishini, shuningdek, yantoq boshqa chorva ozuqalariga qaraganda foydaliroq ekanligini taʼkidlab oʻtgan.
Biz gazetamizga maktub yoʻllagan navoiylik Ahmad Tursunovning bildirgan fikrlarini “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi saytida eʼlon qilar ekanmiz, chindan ham dala-dashtda oʻsadigan yovvoyi oʻsimliklarga yanada koʻproq eʼtibor qaratish zarurligini teranroq anglagandek boʻldik.
Zero, har qanday oʻsimlik dunyosi faqatgina chorva mollari ozuqasi uchun emas, ona tabiat musaffoligini taʼminlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulchehra Durdiyeva,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri