Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida dastlab Toshkent viloyati Zangiota tumanida kuzatuvda boʻlgan shaxs toʻxtatilib, uning yonidan 0,13 gramm “gashish” aniqlandi. Tergov harakatlari davom ettirilib, uning koʻrsatmasiga asosan Toshkent katta halqa yoʻlining Zangiota tumani hududida joylashgan ombor koʻzdan kechirildi. U yerda 5 ta metall va yelim idishlarda saqlanayotgan 900 litr prekursor borligi maʼlum boʻldi.

Tezkor tadbir izchil davom ettirilib, Andijon viloyatida yana ikki nafar shaxs shubha ostiga olindi. Yashirin kuzatuv natijasida ular turli manzillarda koʻmib qoʻyilgan 100 litr suyuq va 25 kilogramm kukun koʻrinishidagi prekursorlarni olib, Andijon shahrining Bogʻishamol mahallasidagi dala hovliga olib borgani aniqlandi.

Mazkur dala hovli xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, bu yerda yashirin narkolaboratoriya tashkil etilgani fosh boʻldi. Hududdan 26 kilogramm “mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi hamda 5 turdagi 590 litr nomaʼlum kimyoviy suyuqlik shaklidagi prekursorlar topildi.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, gumonlanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda “Saymon” laqabi bilan tanilgan shaxs koʻmagida 15 800 AQSH dollariga dala hovlini sotib olib, narkolaboratoriya tashkil etgan.

Keng qamrovli tezkor tadbirlar natijasida jami 26 kg sintetik giyohvandlik vositasi, qariyb 1,5 tonna prekursor va kimyoviy suyuqliklar hamda maxsus anjomlar ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.

Holat yuzasidan tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Maʼlumot uchun, yil boshidan buyon bojxona organlari tomonidan respublika hududida 200 kgdan ortiq anʼanaviy va sintetik giyohvandlik vositalari hamda 27 kg psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyilgan.