Dam olish kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi, harorat biroz ko‘tariladi

«O‘zgidromet» 17-19 aprel kunlari kuzatiladigan ob-havo ma’lumotlarini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, bugun Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Boshqa hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 13-18 daraja iliq bo‘ladi.

Shanba va yakshanba kunlari mamlakatning ko‘plab hududlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘ladi, faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Yakshanba, 19 aprel kuni Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida ham biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Yakshanba, 19 aprel kuni respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida ba’zi joylarda 15-20 metr/sekundgacha shamol esishi kutilmoqda, chang to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Dam olish kunlari harorat asta-sekin ko‘tariladi va yakshanba kuni kunduzgi harorat 20-25 darajaga, janubda esa 26-28 darajaga ko‘tariladi.

Respublikaning tog‘li hududlarida 17-19 aprel kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, baland tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkentda dam olish kunlari davomida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Juma kuni harorat +14…+16, shanba kuni +19…+21 va yakshanba kuni +21…+23 daraja bo‘ladi.

Mavzuga oid materiallar