Dam olish kunlari quruq va nisbatan salqin ob-havo boʻlishi kutilmoqda

    Mamlakatimizda 7 Yanvar 2022 1189

    Uzoq davr beqaror, yomgʻirli ob-havodan soʻng, bugun ertalab deyarli respublikaning barcha hududlari boʻyicha yomgʻir toʻxtadi va kun davomida respublikaning katta qismida kam bulutli quruq ob-havo boʻlishi kutilmoqda.

    Faqat Fargʻona vodiysida kunning birinchi yarmida baʼzi joylarda biroz yomgʻir yogʻadi. Havo harorati 6-8° iliq atrofida boʻladi.

    8-yanvar kuni Oʻzbekistonning shimoliy hududlariga, 9-yanvar kuni respublikaning barcha hududlariga Volga boʻyi hududlaridan quruq, lekin nisbatan sovuq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda.

    Havo oʻzgarib turadi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Respublika boʻyicha baʼzi joylarga tuman tushishi kuzatiladi. Kechalari harorat biroz salbiy qiymatlargacha pasayadi, kunduz kunlari esa havo harorati 5-10° iliq atrofida boʻladi. Bunday harorat foni yanvar oyining birinchi oʻn kunligi oxiri uchun xosdir, deb xabar beradi Oʻzbekiston gidrometeorologiya xizmati markazi.