Bu haqda 1982-1987-yillarda Grenlandiya bo'yicha Daniya vaziri bo'lgan Tom Xyoym aytib o'tdi.
Uning so'zlariga ko'ra, bir asrdan ko'proq vaqt oldin tuzilgan kelishuv shartlariga ko'ra, agar Daniya Grenlandiyani sotadigan bo'lsa, Buyuk Britaniyaga sotib olish bo'yicha ustuvor huquq berishi kerak bo'lardi.
“Agar Tramp Grenlandiyani sotib olishga uringan taqdirda, u avvalo Londondan so'rashi kerak bo'lardi. 1917-yilda Grenlandiya sotilsa, Qo'shma Qirollik Britaniya ustuvor sotib olish huquqiga ega bo'lishini talab qilgandi”, deya qayd etadi Xyoym.
Nashrning aniqlik kiritishicha, muhokama qilinayotgan 1917-yilgi kelishuv AQSр Prezidenti Vudro Uilsonning hozirda AQSh Virginiya orollari deb ataladigan Daniya Vest-Indiyasini sotib olishi haqidagi kelishuvlarning bir qismi bo'lgan. AQSh ularni Daniyadan 25 million dollarga sotib oldi.
Bir tadbirkor Vilsonga Grenlandiyani ham sotib olishni tavsiya qildi, lekin u dastlab bu yer bilan bog'liq muhim jihatni ko'rmadi va buni istamadi. Nihoyat, sotib olishning muhimligiga ishontirishganda, Kopengagen Daniya Vest-Indiyasi uchun bitimga ushbu hududni qo'shishni istamadi. Daniya hukumati, shuningdek, AQShdan Grenlandiya abadiy Daniyaniki bo'lib qolishi haqida yozma kafolat talab qildi va Vilson ularni taqdim etdi.
“Bu Qo'shma Shtatlar Grenlandiya har doim Daniyaniki ekanligini va uniki bo'lishini rasman tan olganini anglatadi. Lekin Tramp bu haqda hech qachon eshitmagan ko'rinadi”, dedi Daniyaning Grenlandiya bo'yicha sobiq vaziri.
Eslatib o'tamiz, 2024-yil oxirida AQSh Prezidenti Donald Tramp AQShning Grenlandiyaga egalik qilishini “mutlaq zarurat” deb atagan edi, u AQShning Shvetsiyadagi sobiq elchisi va tadbirkor Ken Xauerini AQShning Daniyadagi yangi elchisi etib tayinlash qarorini shunday izohlagan edi.
Grenlandiya 1953-yilgacha Daniya mustamlakasi edi. U qirollikning bir qismi bo'lib qolmoqda, biroq 2009-yilda o'zini o'zi boshqarish va ichki siyosatda mustaqil tanlov qilish imkoniyatiga ega avtonomiyaga ega bo'ldi. 2019-yilda OAVda Tramp Grenlandiyani sotib olishni rejalashtirayotgani haqida bir qator xabarlar paydo bo'lgandi, deb xabar beradi report.az.