Norin-Fargʻona irrigatsiya tizimidagi Katta Andijon kanali qirgʻogʻida oʻsib turgan 1213 tup daraxt joriy yilning yanvar-fevral oylarida “Bagʻdodmaxsussuvpudrat” MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalar tomonidan qasddan kesib tashlangan.
Bosh prokuraturaning maʼlum qilishicha, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan hamkorlikda Fargʻona viloyati hududida olib borilgan oʻrganishda maʼlum boʻlgan ushbu holatda oʻsimlik dunyosiga 4,6 mlrd. soʻm zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan Fargʻona viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, oʻrmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa oʻsimliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda ichki ishlar organi tomonidan dastlabki tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Bosh prokuratura tomonidan mazkur jinoyat ishi tergovi ustidan nazorat oʻrnatilgan.