Mamlakatimizda daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jarimalar oshirilishi nazarda tutilgan huquqiy hujjat qayta koʻrib chiqiladi. Chunki ushbu holat bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun yangi sanksiyalar koʻzda tutilgan qonun loyihasi Prezident tomonidan rad etildi. Deputat va ekspertlar bunga jarimalar miqdorining kamligi sabab boʻlishi mumkinligini taʼkidlashmoqda.

Oliy Majlis Senatining shu yil 3-maydagi majlisida maʼqullangan mazkur qonun asosida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga tegishli oʻzgartishlar kiritilgan edi. Hujjatga koʻra, daraxt va butalarni, boshqa oʻsimlik hamda nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazish (Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi) fuqarolarga BHMning 10 barobaridan 15 barobarigacha (5 dan 10 barobarigacha boʻlgan) yoki 3,3 million soʻmdan 4,95 million soʻmgacha, mansabdor shaxslarga esa  15 barobaridan 20 barobarigacha (10 dan 15 barobarigacha boʻlgan) yoki 4,95 million soʻmdan 6,6 million soʻmgacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Maʼmuriy jazo qoʻllanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan xuddi shunday huquqbuzarliklar uchun (Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 79-moddasi 2-qismi) fuqarolarga BHMning 15 dan 25 barobarigacha miqdorda jarima belgilangan (avval 10 dan 20 baravargacha edi). Mansabdor shaxslarga qoʻllaniladigan jarima miqdori esa  maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli boʻlgan ashyoni yoki maʼmuriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilgan holda, BHMning 25 dan 35 barobarigacha (oldin 20 dan 30 barobargacha)ni tashkil etadi.

Bundan tashqari, ushbu qoidabuzarlik uchun jazolar qatoriga 15 sutkagacha boʻlgan muddatga maʼmuriy qamoqni qoʻshish rejalashtirilgan.

Hujjatda, shuningdek, daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yoʻq qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun maʼmuriy javobgarlik ham kiritilgan (Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 79-moddasi 4-qismi-jarima mansabdor shaxslarga nisbatan BHMning 15 barobaridan 25 barobarigacha).

Bunga dunyo mamlakatlari huquqiy tajribasi misolida ham nazar tashlash mumkin.

 AQSHda beruxsat daraxt kesganlik uchun jarima miqdori 500 dollardan 10 ming dollargacha belgilangan. Ayrim hollarda va baʼzi shtatlarda eng katta jarima miqdori 100 ming dollarni tashkil etadi.

Buyuk Britaniyada 2023-yilgacha oʻrmonlarni beruxsat kesganlik uchun belgilangan jarima miqdori bir daraxt tanasi (poyasi) uchun 2,5 ming funtni yoki qoʻlga kiritilgan yogʻoch-taxta qiymatining ikki barobari miqdorida jarima toʻlardi. Atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunga 2023-yil 1-yanvardan kuchga kirgan oʻzgartishlarga koʻra, daraxtni noqonuniy kesgan shaxs koʻchat ekib, uni 10 yil davomida parvarishlashi lozim. Yoʻq qilingan daraxtzorlarni qayta tiklash boʻyicha sud qarorini bajarishdan bosh tortganlarga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo tayinlanishi mumkin.

Fransiyaning Shaharsozlik kodeksida bino qurish vaqtida daraxtlarni kesganlik uchun huquqbuzarlar qurilish bilan band qilingan maydonning har bir kvadrat metri uchun 6 ming yevrodan jarima toʻlashi lozimligi qayd etilgan. Xuddi shunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganida esa 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo ham qoʻllanilishi mumkin. Oʻrmondagi diametri 20 santimetrdan kam boʻlmagan daraxtni oʻzboshimchalik bilan kesish uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoki 45 ming yevro miqdorida jarima bilan jazolanadi.

Germaniyada oʻrmonlar mamlakat hududining 32,7 foizini tashkil etsa-da, oʻzboshimchalik bilan daraxtlarga zarar yetkazganlik yoki ularni kesganlik uchun jarima miqdori har bir federal yer tomonidan alohida belgilanadi. Qoʻllaniladigan qonunchilik va kesilgan daraxt turiga qarab, jarima summasi 50 ming yevrodan 100 ming yevrogacha farqlanishi mumkin. Atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha federal qonunga koʻra, mart oyidan oktyabr oyiga qadar daraxt kesish taqiqlangan. Shoxlariga qushlar in qurgan yoki boshqa jonivorlar yashaydigan daraxtlarni kesish esa qatʼiyan taqiqlangan.

Saudiya Arabistonining Ekologik qonunchiligiga muvofiq, daraxtlarni noqonuniy kesganlik, kundakov qilib tozalaganlik yoki koʻchirib oʻtqazganlik, shoxlarini kesganlik, ildizini olib tashlaganlik uchun 30 million rial (salkam 8 million AQSH dollari)gacha jarima yoki 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanilishi mumkin.

Bugungi kunda sayyoramizdagi oʻrmonlarning umumiy maydoni 38 million kvadrat kilometrni, yaʼni quruqlikning uchdan bir qismini tashkil etib, uning atigi 13 foizi muhofaza etiladigan hududlar toifasiga kiradi. Biroq, har kuni bu maydonlar muttasil kamayib va har soniyada Yer yuzi 1,5 gektardan ortiq tabiiy daraxtzorni yoʻqotmoqda. Hukumatlarning daraxt oʻtqazish boʻyicha saʼy-harakatlariga qaramay, insoniyat har yili 15−18 million gektar oʻrmonni yoʻq qilmoqda.

Mamlakatimizda esa bu holat Yer yuzidagi oʻrtacha koʻrsatkichdan-da yomonroq. Ayni kunda yashil maydonlar yurtimiz hududining oʻn foiziga ham yetmagan bir paytda 2020-yili 7 ming 812 ta (shundan 3 ming 428 tasi qimmatbaho turlarga mansub), 2021-yilda 8 ming 243 ta (4 ming182 tasi qimmatbaho turlarga mansub), 2022-yilda esa 4 ming 599 ta daraxt noqonuniy kesilgan.

Mazkur huquqbuzarlik holati boʻyicha oʻtgan yili aybdorlarga nisbatan 7,3 milliard soʻm maʼmuriy jarima qoʻllanilgan va tabiatga zarar  10 milliard soʻm miqdorida belgilangan. Shu jumladan, 1 ming 777 tup qimmatbaho va koʻp yillik daraxtlar kesilgan. Vaziyat tahlil etilganda, qurilish obyektlari atrofini oʻrab olish natijasida daraxtlarning qarovsiz qolishi, shikastlanishi va nobud boʻlishi holatlari sodir etilayotgani aniqlangan. Respublika boʻyicha 500 dan ortiq qurilish obyekti atrofi oʻrab olingan boʻlib, ularda 24 mingga yaqin daraxt taqdiri xavf ostida qolmoqda.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishlari vazirligining xabariga qaraganda, 2023-yilning yanvar-iyun oylarida Oʻzbekistonda daraxt va butalarni noqonuniy kesish bilan bogʻliq 2 mingdan ortiq huquqbuzarliklar aniqlangan. Oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zararning umumiy miqdori 3,6 milliard soʻmni tashkil etmoqda. Mazkur holatlar boʻyicha 7 ta jinoyat va 2 ming 55 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatilib, 1,7 milliard soʻmlik zarar undirilgan.

“YASHIL MAKON” — KELAJAK OLDIDAGI KATTA MASʼULIYAT

Tadqiqotlarga qaraganda, har bir odam bir kecha-kunduzda 5–6 litr kislorod qabul qiladi. Bu ehtiyojni qondirish uchun 22 ta daraxt kerak boʻlar ekan. Har bir daraxt yiliga 120 kilogramm kislorod ajratib bergani holda, ayni shu vaqt ichida deyarli 22 kilogramm, butun hayoti mobaynida bir tonna atrofida karbonad angrid gazini yutadi. Shu bois, oʻrmonlaru yashil maskanlar Yerning oʻpkasi hisoblanadi.

Yana daraxtlar shovqinlarni kamaytirish, qushlaru hayvonlar, tirik jonzotlarga in va ozuqa manbai boʻlish, eroziyaning oldini olishi, chang-gʻuborni yutishi bilan ham  juda qadrli. Qolaversa, odamlarlarning turmush tarzida, yaʼni uy-joyidan tortib kundalik maishiy jihozlarida, sogʻlom va toʻkin yashashida ularning ahamiyati beqiyos. Shuning uchun azaldan oilada farzand dunyoga kelsa, toʻy-tantana, tugʻilgan kun marosimlarida ezgu tilaklar bilan nihollar ekilgan.

— Mazkur anʼana bugungi kunda yangicha mazmun va koʻlam bilan boyib boryapti, — deydi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi mutaxassisi Dilrabo Boboyeva. — Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish doirasida har yili 200 million daraxt va buta koʻchatlarini oʻtqazish vazifasi belgilangan. Buning natijasida mamlakatimizdagi oʻrmonlar maydoni amaldagi 8,6 foizdan 30 foizgacha oshirilishi rejalashtirilgan. 2022-yil yanvaridan daraxtlarning kesilishiga qarshi muddatsiz moratoriy eʼlon qilingan.

Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirishda ishlatiladigan manzarali daraxt hamda buta koʻchatlarining hududlar boʻyicha tavsiya etilgan turlari, koʻchatlarni ekish, parvarishlash, zararkunanda hamda kasalliklarga qarshi kurash choralari toʻgʻrisidagi tavsiyanoma ishlab chiqilib, tasdiqlangan.

Shuningdek, ekilishi belgilangan koʻchatlarni yetkazib berish boʻyicha aniq hisob-kitob qilinib, koʻchatchilik fermer va dehqon xoʻjaliklari tomonidan 75,8 million (38 foiz), tadbirkorlik subyektlari tomonidan 90 million (45 foiz) va davlat oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan 34,2 million dona (17 foiz) yetkazib berilishi belgilab qoʻyilgan. Joriy yilning oʻzida 235 ming gektar oʻrmonzor, shu jumladan, Orol dengizining qurigan tubi va Orolboʻyi mintaqasida 200 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etiladi.

Koʻkalamzorlashtirish maqsadida foydalaniladigan manzarali daraxt-buta turlarini toʻgʻri tanlash va ularni hududlarlarning tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda tavsiya etish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxt va butalardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish, respublikamizning iqlim va tuproq sharoitlaridan kelib chiqqan holda, davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan hududlardagi aholi manzillarida manzarali daraxt va butalarni ekish, parvarishlash, kesish masalalarini qamrab olgan tavsiyanoma ham ishlab chiqilgan. Bu esa koʻchat yetishtiruvchi korxona va xususiy tashkilotlarga koʻkalamzorlashtirish ishlarini  sifatli amalga oshirish uchun arzon, mahalliy sharoitlarga moslashuvchan, estetik zavq va standart talablarga javob beruvchi manzarali daraxtlar koʻchatini koʻpaytirishda qoʻl keladi.

Lekin “guruch kurmaksiz boʻlmaydi”, deganlaridek bu borada turli salbiy holatlar ham yoʻq emas. Bunga doir raqamlar shu yil iyul oyi boshida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborotida keltirildi. Yaʼni           2022-yilda respublikamizda ekilmagan ikki milliondan ortiq koʻchat hisobotga “ekildi”, deb qoʻshib yozilgan, sugʻorib boʻlmaydigan joylarga 7,3 million tup nihol oʻtqazilgan, ekilgan 1,8 million tup koʻchatni saqlash va parvarishlash uchun tegishli masʼullar belgilanmagan.

Koʻchatlar ekilgani haqqoniyligi tekshirilganda ayrim rahbarlar tomonidan bir qator xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani aniqlangan.

Shundan soʻng Bosh prokuratura yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yuzasidan oʻrganish ishlarini boshlagan. Maʼlumotlarga qaraganda, oʻz vazifasini bajarishga masʼuliyatsizlik bilan qaragan 29 nafar mahalliy davlat hokimiyati organlari va idoralar rahbarlarining qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik masalasi hal etilmoqda.

Prezidentimiz Buxoro shahrida shu yil 11-avgust kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida eʼtibor qaratdi. Yigʻilishda qayd etilishicha, barcha hududlarda koʻkalamzorlashtirish darajasini 30 foizga yetkazish boʻyicha katta dastur qabul qilingan. Buning uchun har bir viloyat bahor va kuz mavsumida 15 million tup daraxt koʻchati ekish, barcha shaharlar atrofida “yashil belbogʻ”lar tashkil qilishi zarur.

Lekin ayrim rahbarlar bu ishlarni oʻz holiga tashlab qoʻygani tanqid qilindi. Masalan, koʻchatlar sugʻorish tizimi yoʻq hududlarga ekilgani sabab 10 million nihol nobud boʻlgan. Yoʻllar boʻyiga daraxt koʻchatlari ekish ishlari 33 ta tuman va shaharda, umuman bajarilmagan.

Oʻz hududida ekologik vaziyatni yaxshilash, aholiga qulay yashash va toza havo muhitini yaratish endilikda hokimlarning eng asosiy vazifalaridan biri boʻlishi taʼkidlandi.

Tegishli hududlar rahbarlariga qarovsiz qolgan 10 million tup daraxt oʻrniga yana shuncha koʻchatni suv taʼminoti yaxshi boʻlgan hududlarga ekish topshirildi. Bundan buyon koʻchat ekish tadbirlari har yili tasdiqlanadigan Investitsiya dasturi asosida amalga oshirilishi belgilandi. Bu maqsadlar uchun har yili avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar koʻp — 500 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. Shuningdek, oʻrmon xoʻjaliklarining 1,5 ming gektar yer maydonlarida kasanachilik asosida koʻchat yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi. Bu orqali kamida 10 ming aholi bandligi taʼminlanib, har bir koʻchatni kafolatli sotib olish tizimi yaratiladi.

Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi