Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi oʻrtasida imzolangan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumga asosan, Qashqadaryo viloyatining Qarshi, Shahrisabz shaharlari hamda Kitob tumanida alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo-sotiq qilish sohasida belgilangan normalarga rioya etilishi boʻyicha monitoring oʻtkazildi.

Ishchi guruh tomonidan tanlama usulda tekshiruv chogʻida Qarshi shahridagi 7 ta, Shahrisabz shahridagi 4 ta va Kitob tumanidagi 2 ta savdo doʻkonida yaroqlilik muddati oʻtgan va qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlar sotilayotgani aniqlandi.

Monitoring jarayonida namuna sifatida olingan jami 42 turdagi alkogol mahsulotlar tegishli tartibda xulosalar olish uchun “UZ Test” DUK Qashqadaryo filiali sinov laboratoriyasiga topshirildi, deb xabar berdi Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmati.