Daromad soligʻi toʻlamasdan tadbirkorlik qilish mumkin (mi?)

    Mamlakatimizda 7 Iyul 2020 1598

    Maʼlumki mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu bilan birga qonuniy faoliyat yuritishlarini ragʻbatlantirish maqsadida bir qator farmon va qarorlar qabul qilinmoqda.

    Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori ham shular jumlasidandir.

    — Qarorga asosan jismoniy shaxslar 67 ta faoliyat turidan istalgani bilan shugʻullanishi va buni qonuniy roʻyxatdan oʻtkazishlari mumkin, — deydi Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi Jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatish boʻlimi boshligʻi Abror Bekmatov. — Jumladan chorva mollarini oʻtlatish, ularga qarab turish, jismoniy shaxslarga kompyuterlarni taʼmirlash va sozlash, litsenziyalangan dasturiy taʼminot oʻrnatish, velosipedni taʼmirlash, mexanizatsiya vositalarini qoʻllamay bajariladigan yuk ortish-yuk tushirish ishlari bilan shugʻullanuvchi shaxslar oʻzini oʻzi band qilgan fuqaro sifatida roʻyxatdan oʻtishlari mumkin. Qarorning amaliyotga joriy etilishi natijasida bugungi kunda viloyatimizda 400 nafardan ortiq oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar roʻyxatdan oʻtdi hamda ularning bandligi taʼminlandi.

    Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga bir qator qulayliklar va imtiyozlarning berilganligi aholida katta qiziqish uygʻotmoqda. Xususan Soliq kodeksining 369-moddasi 9-bandiga koʻra qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlar jami daromadlar tarkibiga kiritilmaydi. Bu esa oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaxslarning daromadi ortishiga xizmat qiladi. Shuningdek, ularning faoliyatini masofadan turib roʻyxatga olish uchun Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan mobil ilova dasturi ishga tushirilgan boʻlib, roʻyxatga olishning ilova orqali bepul amalga oshirilishi ayni pandemiya sharoitida fuqarolar uchun birmuncha yengillik va afzallik yaratadi.

    Dunyo tajribasidan sinovdan oʻtgan ushbu amaliyot orqali minglab norasmiy sektorda ishlab kelayotgan jismoniy shaxslarning faoliyati qonuniylashtiriladi. Ularga ijtimoiy soliq toʻlangan davrda ish staji hisobga olinadi hamda kelgusida pensiya taʼminotiga asos yaratiladi.

    Ilgʻor Xalilov,

    Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi

    Jamoatchilik bilan aloqalar va

    huquqiy axborot shoʻbasi xodimi.