Daryo oʻrtasidagi orolchada qolib ketgan shaxs qutqarildi

    Maʼlum boʻlishicha, otliq daryoning bir qirgʻogʻidan ikkinchi qirgʻogʻiga oʻtayotgan vaqtida otining oyogʻi toyib yiqilgan va daryoda oqib ketgan.

    Kecha, 5-dekabr kuni 16:07 da Toshkent viloyati FVBga Chirchiq daryosining Qibray tumani “Qipchoq” mahallasi hududidan oqib oʻtuvchi qismining oʻrtasidagi orolchada fuqaro qolib ketgani va yordam zarurligi haqida xabar kelib tushdi, deya xabar beradi FVB.

    Xabarga asosan, Chirchiq yongʻin-qutqaruv otryadidan qutqaruvchilar zudlik bilan aytilgan manzilga yetib borib, qutqaruv qayigʻi hamda maxsus anjomlar yordamida fuqaro daryodagi orolchadan sogʻ-salomat xavfsiz joyga olib chiqilgan va tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan.

    

    Maʼlum boʻlishicha fuqaro otga minib olgan holda daryoning bir qirgʻogʻidan ikkinchi qirgʻogʻiga oʻtayotgan vaqtida otning oyogʻi toyib yiqilgan va daryoda oqib ketgan. Shundan soʻng daryo oʻrtasidagi orolchaga chiqib olgan. Ot esa oʻz harakatlari bilan qirgʻoqqa chiqib olgan.

    Hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi shifokorlar tomonidan malakali tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, yashash uyiga ruxsat berilgan.