Dastlabki kuni 132 murojaat ijobiy hal etildi

    Ijtimoiy hayot 14 Sentabr 2020 1853

    Aholi murojaatlari bilan ishlash, odamlarning muammo va takliflari asosida joylardagi masalalarni hal etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi oʻrinbosari A.Usmonov rahbarligidagi respublika ishchi guruhi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasining shahar va tumanlarida ommaviy qabullar oʻtkazilmoqda.

    Tadbirlarda Prezident Administratsiyasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash, Xalq taʼlimi, Maktabgacha taʼlim va boshqa vazirliklar, mutasaddi tashkilotlar hamda hududiy sektor rahbarlari ishtirok etmoqda.

    Sayyor qabulning dastlabki kuni Nukus shahri va Nukus tumani fuqarolari qabul qilindi. Tadbirda 393 nafar fuqaro 411 masala boʻyicha murojaat etishdi. Shunday 132 tasi joyida ijobiy hal etildi, 81 nafar fuqaroga huquqiy tushuntirish berildi. 168 murojaatning ijrosi nazoratga olindi.

    – Bugungi kunda aholini qiynab kelayotgan muammolardan biri bu ichimlik suvi, – deydi Nukus tumani “Kerder” ovul fuqarolar yigʻinidan T.Yerejepov. – Ushbu murojaatim tegishli soha rahbarlari tomonidan koʻrib chiqildi va Osiyo taraqqiyot bankining moliyaviy koʻmagida amalga oshirilayotgan loyiha asosida kelgusi yilda ichimlik suvi tarmogʻi tortib beriladigan boʻldi.

    – Ichki ishlar idoralarida xizmat qilish bolalikdan orzuim edi, – deydi Nukus shahridan J.Muratboyev. – Ommaviy qabulda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi masʼul xodimlariga ushbu masalada murojaat etdim va Nukus shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Huquqbuzarlik profilaktikasi boʻlimiga profilaktika inspektori yordamchisi lavozimiga ishga qabul qilinadigan boʻldim. Bundan judayam xursandman.

    Ikkinchi kuni ommaviy qabul Taxiatosh, Shumanay va Xoʻjayli tumanlari aholisi uchun Taxiatosh tumanida, Boʻzatov va Kegeyli tumanlari aholisi uchun Boʻzatov tumanida boʻlib oʻtdi.

    Taxiatosh tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimi Ziyoda Utegenova “shtat qisqardi” degan bahona bilan oʻtgan yilning dekabr oyidan buyon ishsiz qolgan edi. Shu kungacha turli joylarga murojaat qildi, lekin ijobiy yechim topmadi. Sayyor qabulda uning murojaati ijobiy hal etilib, avvalgi ish joyiga qayta tiklandi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmatining maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi masʼul xodimlari tomonidan qabulda aholi bilan suhbatlar oʻtkazilib, fuqarolarni bugungi kunda qiynab kelayotgan muammolarni hal qilish choralari koʻrildi.

    Jumladan, ikki kun davomida fuqarolardan 62 ta murojaat kelib tushgan boʻlsa, shundan 15 tasi joyida ijobiy hal etildi. Qoʻshimcha oʻrganish talab etiladigan 13 ta murojaat tegishli mutasaddi idoralar vakillari tomonidan nazoratga olindi. 34 ta murojaat boʻyicha huquqiy tushuntirish berildi.

    Murojaatlarda asosan fuqarolik olish, biometrik pasport rasmiylashtirish, soha xodimlariga minnatdorchilik, ichki ishlar, tergovga qadar tekshiruv hamda surishtiruv harakatlaridan norozilik masalalari koʻtarildi. Tadbir doirasida fuqaroligi boʻlmagan shaxs sifatida yashab kelayotgan 10 nafar fuqaroga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti tantanali ravishda topshirildi.

    Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi Q.Sariyev ishtirok etdi.

    Orolboʻyida ommaviy qabullar davom etmoqda.