Oramizda hayotda yana-da teran, sof tuygʻular bilan boquvchi shunday odamlar borki, ular halqimizning, davlatimizning eʼtiboriga, gʻamxoʻrligiga muhtoj. Buni kuchli ijtimoiy himoya, deb ataymiz. Aynan u inson rivojlanishining ajralmas qismi boʻlib, aholining ushbu qatlamini ijtimoiy xizmatlardan foydalanishi sharoit yaratadi.
Kengroq maʼnoda tahlil qiladigan boʻlsak, ijtimoiy himoya jamiyatda kambagʻallik va tengsizlikni qisqartirish, aholining barcha qatlamlariga butun umri davomida mehnat qilish, sogʻligʻini saqlash, taʼlim olishiga koʻmaklashish, fuqarolar va oilalarning inqirozli vaziyatlar va turmush qiyinchiliklarini yengib oʻtishida yordam berishga qaratilgan siyosat va dasturlar, ijtimoiy yordam, bandlik, ijtimoiy sugʻurta, ijtimoiy xizmatlar majmuidan iborat boʻlib, insonlarga ehtirom koʻrsatish, ularni shaʼni, obroʻsi, qadr-qimmatini hurmat qilish mezonidir.
2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshiriladigan davlat dasturida keng jamoatchilik takliflari inobatga olingan holda nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash, ularga qulaylik yaratishga qaratilgan dolzarb vazifalar ham belgilandi. Darvoqe, nogironlikni belgilash oʻta muhim jarayon. Sababi, ijtimoiy himoya tizimi shu tartibdan boshlanadi. Dasturda ayni shu yoʻnalishdagi muammolarni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Maʼlumotlarga qaraganda, hozir sayyoramizda bir milliard aholida, yaʼni har yetti kishidan kamida bir nafarida u yoki bu turdagi nogironlik mavjud. Umumiy koʻrsatkichning 100 milliondan ziyodini bolalar tashkil etadi. Boshqa sogʻlom kishilar qatori imkoniyati cheklangan insonlarning haq-huquqlarini taʼminlash, ular uchun mavjud toʻsiqlardan xoli inklyuziv jamiyat yaratish bugungi kunning dolzarb vazifasidir. Mamlakatimiz rahbari taʼkidlaganidek, 2020-yil aholini ijtimoiy himoya qilish borasida tub burilish yili boʻldi.
Joriy yilda esa bu ishlarning koʻlami yana-da ortadi. Chunki jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar hamisha davlatimizning ijtimoiy himoyasidadir. Ayniqsa, oxirgi toʻrt yilda tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatish, nogironligi boʻlgan fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilish yoʻnalishlarida bir necha oʻn yillar davomida bajarilmagan ishlar amalga oshirildi. Davlat dasturida ham mazkur ijobiy tajribani mahkam tutgan holda nogironligi boʻlgan fuqarolarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan vazifalar ijrosi kun tartibiga qoʻyildi.
Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi boʻlgan shaxslar, pensionerlar, yolgʻiz yashovchi keksalarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlashni umuman yangi mexanizmga, yaʼni sertifikat berish tizimiga oʻtkazish, fuqarolarga oʻz tanloviga koʻra, davlat tomonidan beriladigan mablagʻlar hisobidan istalgan ishlab chiqaruvchidan ushbu mahsulotlarni sotib olish imkoniyatini yaratish choralarini koʻrish belgilandi. Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tegishli aloqador vazirlik va idoralar bilan hamkorlik oʻrnatdi.
Shuningdek, nogironlik alomatlari yaqqol koʻrinib turgan, noxush klinik tashxisga ega fuqarolarni har yili yoki ikki yilda bir marta Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalaridan oʻtkazishdagi qiyinchiliklarga barham berish topshirigʻi qayd etildi. Boisi, ilgari nogironligi, imkoniyati cheklangani aniq, yaqqol koʻrinib turgan shaxslar ham qayta-qayta tekshiruvlardan oʻtkazilardi. Bu jarayon koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlardi.
Shu bois nogironlikni belgilashda eskirgan tibbiy-mehnat ekspertiza qilish tizimidan jahon standartlariga mos tibbiy-ijtimoiy ekspertiza qilish tizimiga oʻtiladi. Nogironlikni byurokratik toʻsiqlarsiz qisqa muddatlarda belgilash tizimi joriy qilinadi. Eng ahamiyatlisi, mamlakatimiz boʻyicha yagona boʻlgan nogironlikni belgilovchi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tizimi tashkil etiladi. Tekshiruvdan oʻtkazish tibbiy hujjatlar qabul qilingan kundan eʼtiboran 10 kun ichida bepul amalga oshiriladi.
Davlat dasturida oʻz ifodasini topgan bunday ezgu amallar haqida mamlakatimiz rahbari Oliy Majlisga hamda xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasida ham aytib oʻtgandi. Dasturning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, Sogʻliqni saqlash vazirligi uch oy mobaynida tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatishning umuman yangi modeliga oʻtish choralarini koʻrishi lozimligi belgilangan. Ayni paytda ishchi guruh tashkil etilib, tegishli hujjatlar ustida ishlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida nogironligi boʻlgan fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish masalasi inson huquq va erkinliklarini kafolatlashning muhim omiliga aylangan. Boshqacha boʻlishi mumkin emas. Bugun tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad ham yon-atrofimizdagi imkoniyati cheklangan fuqarolarning oʻzlarini shu jamiyatning toʻlaqonli aʼzosi deb his etishlarini taʼminlashdan iborat.
Anvar QOBILOV,
Tibbiy-ijtimoiy xizmat agentligi
matbuot xizmati rahbari