Farmonga koʻra, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining quyidagi vazifalari, funksiyalari hamda vakolatlari Qishloq xoʻjaligi vazirligiga oʻtkazildi:

- qishloq xoʻjaligi yerlari va ekinlarini monitoring qilish;

- qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish;

- qishloq xoʻjaligi yerlarini muhofaza qilish boʻyicha davlat nazoratini amalga oshirish;

- tuproq bonitirovkasini oʻtkazish;

- qishloq xoʻjaligi yerlarining meʼyoriy qiymatini aniqlash;

- tuproq unumdorligini oshirish;

- tuproqshunoslik, geobotanikaga oid tadqiqotlarni amalga oshirish.

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi negizida Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etildi va uning vazifalari belgilandi.

Jumladan, Agentlik koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazadi, davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritadi.

2020-yil 1-oktyabrdan boshlab yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning vujudga kelishi, oʻzgarishi, boshqa shaxsga oʻtishi, cheklanishi va bekor boʻlishini nazarda tutuvchi qarorlar, auksion va tanlov bayonnomalari, notarial tasdiqlangan bitimlar hamda boshqa hujjatlar Oʻzbekiston Milliy geografik axborot tizimida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin kuchga kiradi.

2021-yil 1-yanvardan boshlab yer turi, konturi, chegarasi va huquq egalari haqidagi barcha maʼlumotlar Kadastr agentligining onlayn geoportaliga kiritiladi.

Onlayn geoportal Milliy geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi.

Yer balansi va uning hisoboti, tuman (shahar) yer kadastri daftari faqat Milliy geoaxborot tizimida yuritiladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.