Davlat aktivlarini xususiylashtirish: yangi ish oʻrinlari yaratiladi, turizm va savdo rivojlanadi

    Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish boʻyicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda davlatimiz rahbarining joriy yil 11-fevraldagi “Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yana-da jadallashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur farmon bilan davlatning bir qator yirik aktivlarini xususiylashtirish belgilandi.

    Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida savdoga chiqarilishi belgilangan ayrim davlat aktivlarini yangicha, zamonaviy usullar orqali sotish boʻyicha savdolar boshlanganini eʼlon qildi. Bunda obyektlarni ochiq va shaffof sotish tizimini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratilyapti.

    Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan obyektlarni ochiq va shaffof sotish tizimi bilan tanishtirish maqsadida Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumaniga tashkil etilgan press-turda mahalliy va xorijlik jurnalistlar, blogerlar davlatga tegishli uchta yirik aktiv bilan tanishdi.

    Tyan-Shan tizmasi etagida, Boʻstonliqning Beldirsoy traktida joylashgan “Beldirsoy” oromgohi dengiz sathidan 1700 metr balandlikda joylashgan boʻlib, betakror goʻzalligi bilan yilning toʻrt faslida ham mehmonlarni oʻziga chorlaydi. Toza havo, yam-yashil archalar, moviy osmon, zilol suvli chashmalar inson ruhiga orom baxsh etadi.

    46,1 gektar maydondan iborat majmua hududida 19 kottej, 38 xonadan iborat mehmonxona, 80 oʻrinli 2 ta restoran, 3 ta bar, yozgi va qishki basseynlar, 2 ta anjumanlar zali mavjud. Majmua bir vaqtning oʻzida 200 dan ortiq mehmonni qabul qila oladi. Hududda, shuningdek, birinchi tibbiy yordam shoxobchasi, badminton va 2 ta tennis korti ham bor.

    “Kumbel” changʻi yoʻlagining “Beldirsoy” majmuasiga yaqin joylashuvi uning qiymatini yana-da oshiradi. Buyuk Britaniyaning The Observer nashri Beldirsoy togʻ-changʻi kurortini dunyodagi ekstremal changʻi va heli-changʻi uchun eng yaxshi joylar roʻyxatiga kiritgan.

    Boʻstonliqning noyob hududlaridan yana biri – Sijjak dam olish maskani. Dengiz sathidan 959 metr balandlikdagi mazkur majmua purviqor togʻlar qoʻynida joylashgan. Yam-yashil vodiy hamda yirik Pskom daryosi hududning jozibadorligini yana-da oshirgan. Hududning tabiiy landshafti turizmning barcha yoʻnalishini rivojlantirish uchun ayni muddao.

    Majmua umumiy maydoni 5,4 gektar. Hududda mehmonxona, restoran, kinoteatr, barlar, diskoteka maydoni, bir nechta ochiq va yopiq basseynlar, sauna va massaj xonasi, sport zali, kottej hamda suv minorasi mavjud. Oynavand mehmonxonadan tashqariga qarasangiz, vodiy hamda daryo yastanib yotibdi. Muhtasham royaldan yangragan ohang tabiatning sehr va sirga toʻla jozibasi bilan uygʻunlashadi. Aylana atrof oq qayinlar, dekorativ daraxtlar, archa, turli-tuman lola va togʻ gullari bilan qoplangan.
    Press-tur davomida OAV vakillari Boʻstonliqning yana bir turizm salohiyati yuksak goʻshalaridan – Qizil suv qishlogʻida joylashgan “Qizil suv” sport-sogʻlomlashtirish majmuasida ham boʻldi. Umumiy maydoni 5,9 gektardan iborat mazkur majmua bir vaqtning oʻzida 110 nafar mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda 2 ta yotoqxona, 8 ta kottej, ovqatlanish xonasi, anjumanlar zali, bilyard xonasi, mini-futbol maydoni, ikkita suzish havzasi, avtoturargohlar va birinchi tibbiy yordam punkti mavjud. Ayni paytda mazkur majmua aholiga xizmat koʻrsatmoqda.

    Bulardan tashqari yana 5 ta obyekt – “Poytaxt” biznes majmuasi, sobiq “Gazetalar ishlab chiqarish majmuasi” binosi, “Maʼmuriy bino” (sobiq Respublika birjasi markazi), Sayilgoh koʻchasida joylashgan boʻsh turgan bino, “Malika” savdo-maishiy xizmat koʻrsatish majmuasi hamda Ichan-Qalʼa mehmonxonasi sotuvga qoʻyilgan.

    – Toshkent viloyatida 2021-yil ichida 80 ta davlat aktivi sotilishi rejalashtirilgan, – deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Kamoliddin Toirbekov. – Joriy yilning dastlabki 3 oyida “E-AUKSION” veb-sayti orqali 38 ta aktiv sotildi, shu jumladan, investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish sharti bilan xususiylashtirildi. Ularni ishga tushirish natijasida 51 milliard soʻmlik investitsiya kiritilishi va 320 dan ortiq ish oʻrinlari yaratilishi belgilab olindi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ommaviy savdolarda ishtirok etish uchun qulay va jozibador takliflarni 2021-yil 30-aprelgacha qabul qiladi. Soʻng obyektlarni tadbirkorlarga berish masalasi koʻriladi.

    Obyektlar sotilishi yangi ish oʻrinlarini yaratadi. Mamlakat turizm va savdo salohiyati oshadi. Bu esa mamlakat iqtisodi rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.