Gap shundaki, bir necha oʻn yillar davomida davlat aksiya paketlari “Toshkent” respublika fond birjasiga faqatgina bitta broker - “Mulk-sarmoya brokerlik uyi” aksiyadorlik jamiyati orqali savdolarga chiqarilgan. Bu esa, oʻz navbatida, respublika fond bozorida faoliyat yuritayotgan boshqa professional investitsiya vositachilari uchun teng raqobat muhiti yaratilishiga salbiy taʼsir qilib kelgan.

Endilikda ushbu amaliyotga chek qoʻyilib, davlat aksiya paketlarini birja savdolariga chiqarish va sotish jarayonida professional investitsiya vositachilari (brokerlar)ni jalb etish yuzasidan tanlov oʻtkaziladi. Unda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan jami 44 ta professional investitsiya vositachining barchasi hech qanday toʻsiqsiz ishtirok etishlari mumkin. Bu amaliyot davlat aktivlarining ochiq va shaffof tarzda xususiylashtirilishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Tanlov boʻyicha gʻoliblarni aniqlashda, birinchi navbatda, ishtirokchilarning fond bozoridagi tajribasi, moliyaviy holati, vositachilik xizmati taʼriflari, amalga oshiradigan targʻibot ishlari va boshqalar hisobga olinadi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, sohaning barcha manfaatdor shaxslarini Agentlik ijtimoiy tarmoqlari hamda OAVlari orqali eʼlon qiladigan xabarlarini kuzatib borishga va tanlovlarda faol ishtirok etishga chaqirib qolamiz.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

Axborot xizmati