Bugun erkaklar oʻrtasida -90 kg vazn toifasidagi bellashuvlarning gʻolib va sovrindorlari aniqlanadi. Ushbu vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Davlat Bobonov jahon chempionati finaliga yoʻl oldi. Bu bilan Oʻzbekistonning 2020-yildagi eng yaxshi sportchisi kamida jahon chempionatining kumush medalini naqd qilib qoʻydi. Finalda Davlat asli gruziyalik boʻlgan Ispaniya terma jamoasi aʼzosi Nikoloz Sherazadishviliga qarshi tatamiga tushadi.
Bobonov musobaqa davomida ikkinchi davrada yaponiyalik Sanshiro Murao, ikkinchi bosqichda isroillik Li Kochman, chorak finalda esa qozogʻistonlik Islom Bozbayevni magʻlubiyatga uchratdi.
Final ostonasida hamyurtimiz vengriyalik tajribali dzyudochi Kristian Tott bilan kuch sinashdi. Murosasiz kechgan bahsda Bobonov raqibini magʻlub etdi va finalga yoʻl oldi.
Jahon chempionligi uchun bellashadigan sportchilarning oʻzaro toʻqnashuvlariga kelsak, shu paytgacha dzyudochilar ikki bor toʻqnash kelishgan. Afsuski, har ikkisida ham ispaniyalik sportchining qoʻli baland kelgan. Ularning ilk toʻqnashuvi 2020-yil Parij “Katta dubulgʻa” musobaqasiga toʻgʻri keladi. 3-bosqichda Bobonov vazari bahosi bilan oldinda borayotgan edi. Biroq asosiy vaqt yakunlanishiga 3 soniya qolganida hamyurtimiz uchinchi shidoni oladi va gʻalaba Sherazadishviliga oʻtib ketadi.
Ikkinchi toʻqnashuv esa pandemiyadan keyingi dzyudo restartiga, hozirda JCH oʻtayotgan ushbu arenadagi Budapesht “Katta dubulgʻa” turniriga toʻgʻri keladi. Chorak finalda ispaniyalik sportchi qoʻshimcha daqiqada qoʻlga kiritilgan vazari bahosi bilan gʻalabani ilib ketadi.
Nikoloz Sherazadishvili 1996-yil Gruziyada tugʻilgan. 10 yoshida oilasi Madridga koʻchib ketadi. U 2014-yildan buyon Ispaniya terma jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. 190 sm boʻyga ega keng jussali ushbu polvon 2018-yil Ozarbayjonning Boku shahrida boʻlib oʻtgan Jahon chempionatida gʻalaba qozongan.
Nikoloz -90 kg vazn toifasida jahon va Olimpiada reytingi yetakchisi. U Ispaniya sporti tarixida ilk bora jahon chempioni boʻlgan dzyudochi hisoblanadi.
Birozdan soʻng Jahon chempionatining final bellashuvlariga start beriladi. Biz Davlat Bobonovga ishonamiz va omad tilaymiz.