Qonun bilan Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasini hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasini sudlarga murojaat qilish chogʻida davlat bojini toʻlashdan ozod etish nazarda tutilyapti.

Amaldagi “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunning 8, 9 va 10-moddalarida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi hamda uning hududiy organlari – oʻz zimmasiga yuklatilgan vakolatlariga muvofiq sudlar koʻrib chiqishi uchun kiritiladigan daʼvolar yuzasidan davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan.

Biroq, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan birinchi instansiya sudlarining hal qiluv qarorlariga nisbatan beriladigan shikoyatlari amaldagi qonunchilikka muvofiq davlat bojini toʻlashdan ozod qilinmagan degan vajlar bilan yuqori instansiya sudlari tomonidan qaytarilishi holatlari yuzaga kelyapti.

Kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga koʻra, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi va uning hududiy organlari tomonidan fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar, iqtisodiy sudlar va maʼmuriy sudlarga daʼvo ariza, ariza va shikoyatlar bilan murojaat qilinganda davlat bojidan ozod qilinishi nazarda tutilyapti.

Senatorlar Qonunning qabul qilinishi davlat organlariga sudlarga murojaat qilish uchun ajratilgan davlat boji toʻlovidan tejalgan mablagʻlarni tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining va isteʼmolchilarning huquqlari yanada ishonchli himoya qilinishini taʼminlash uchun yoʻnaltirishga xizmat qilishi taʼkidladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.