Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonunga oʻzgartish kiritish masalasi koʻrib chiqildi

    Moliya 21 Oktabr 2021 564

    Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Maʼlumki, respublikamizda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlarini izchil davom ettirish, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash, koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish hamda aholi farovonligini yuksaltirish maqsadida Prezidentning qator farmon va qarorlari qabul qilingan. Oʻz navbatida, bu borada davlat dasturlari hayotga tatbiq etilgan. Ularda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash esa qoʻshimcha moliyalashtirish manbalarini talab qiladi.

    Shu maqsadda 2021-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunga, davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari boʻyicha oʻzgartish kiritilyapti.
    Xususan, investitsiya dasturlariga 6,0 trillion soʻm, ayrim muassasalarga kiritilgan qoʻshimcha shtat birliklarini moliyalashtirish uchun 1,4 trillion soʻm hamda mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash xarajatlariga 1,4 trillion soʻm ajratilishi belgilanyapti.
    Shuningdek, joriy yilda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari uchun rejalashtirilgan 3,0 trillion soʻm mablagʻ toʻliq ishlatilganligi tufayli qoʻshimcha mablagʻ zaxirasini yaratishga 1,3 trillion soʻm ajratiladi.

    Qonunda davlat-xususiy sherikligi asosida maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar berish hamda bolalar qamrovi ortganligi sababli 1,1 trillion soʻm qoʻshimcha subsidiya ajratish, qolaversa, “Yangi Andijon” shaharchasini barpo etish va Andijon viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirishga 1,3 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirish nazarda tutilgan.
    Taʼkidlash joizki, Qonun bilan ushbu qoʻshimcha xarajatlarni qoplash manbalari ham belgilab berilyapti.
    Amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ana shu tadbirlarning Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari taqchilligining tasdiqlangan miqdori doirasida boʻlishi ham nazarda tutilgan, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.