Kun tartibidagi masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov axborot berdi.
Oʻzbekistonda 2024-yilning birinchi yarim yilligida mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi 6,4 foizga oshganligi buning yorqin dalilidir. Bunday ijobiy oʻsish surʼatlari iqtisodiyotimizning barcha tarmoq va sohalar rivojlanishida kuzatildi. Yaʼni, bozor xizmatlari 12,9 foizga, sanoat ishlab chiqarish 7,8 foizga, qurilish ishlari 10,1 foizga va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish 3,8 foizga oshdi.
Ayniqsa, asosiy kapitalga oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi 229,3 trln. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 36,6 foizga oʻsganligiga alohida eʼtibor qaratildi. Aholining real daromadlari 8,6 foizga oshib inflyatsiya darajasidan (5,2 foiz) yuqori boʻlganligi aholi faravonligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati natijasida hamkor davlatlar iqtisodiy aloqalar yanada mustahkamlanmoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligida mamlakat tashqi savdo aylanmasi 31,8 mlrd. dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,6 mlrd. dollarga oshganligi bundan dalolat bermoqda.
Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tizimli islohotlar natijasida faoliyat koʻrsatayotgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlari soni oʻtgan yilga nisbatan qariyb 21,5 mingga oshib, 833 mingtaga yetgan. Shu oʻrinda, foyda va qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 26,6 foizga oʻsgan.
Qayd etilganidek, 2024-yil birinchi yarim yilligida Davlat budjeti daromadlari 121,0 trln. soʻmni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 18,3 foizga oshib, deyarli barcha soliq turlari boʻyicha belgilangan reja koʻrsatkichlari toʻliq bajarilgan. Davlat budjeti daromadlari tarkibida bevosita soliqlar 33,3 foizni, bilvosita soliqlar 33,1 foizni, resurs soliqlari 14,2 foizni va boshqa daromadlar 19,5 foizni tashkil qilgan.
Davlat budjetining xarajatlari hisobot davrida 149,8 trln. soʻmni tashkil etib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 16,0 foizga oʻsgan.
Aholini sifatli ijtimoiy xizmatlar bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida Davlat budjetidan ajratilgan xarajatlarning 49,5 foizi ushbu sohani rivojlantirishga yoʻnaltirilgan. Ushbu sohaga oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 14 foiz koʻp mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2024-yil birinchi yarim yillikda qoʻshilgan qiymat soligʻidan manfiy farqni qoplash uchun soliq toʻlovchilarga 14,2 trln. soʻm miqdorida, 2023-yilning mos davriga nisbatan 3,4 trln. soʻm koʻp qoʻshilgan qiymat soligʻi summalari qaytarib berilgan.
Deputatlar mahalliy davlat organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini oshirish, Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining kelgusi davr uchun oʻz vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish zarurligini taʼkidladilar.
Qizgʻin savol-javoblardan soʻng deputatlar Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2024-yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot yuzasidan tegishli qaror qabul qildilar.