Davlat dasturi ijrosi boʻyicha hisobot eshitildi

    Mamlakatimizda 5 Avgust 2022 2511

    Senat yigirma toʻqqizinchi yalpi majlisida 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil I yarim yilligida bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.

    Taʼkidlanganidek, Dasturda nazarda tutilgan topshiriqlardan 215 tasi joriy yil I yarim yilligida bajarilishi belgilangan boʻlib, shundan 137 ta band va kichik bandlar toʻliq bajarilgan. Hisobot davrida 153 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar qabul qilingan.

    Hukumat tomonidan oʻz vaqtida koʻrilgan choralar natijasida yalpi ichki mahsulot koʻrsatkichi oʻtgan yilning I yarmiga nisbatan 105,4 foizni tashkil etgan.

    Investitsiya dasturi doirasida 157,5 million dollarlik mablagʻlar oʻzlashtirilgan va mahalliylashtirish dasturi doirasida 28 turdagi

    3 trillion 940,2 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan.

    Joriy yilning I yarim yilligida 4,5 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, prognoz koʻrsatkichlari 117 foizga bajarilgan.

    Respublika boʻyicha jami 6,9 milliard dollarlik tovarlar va xizmatlar eksporti amalga oshirilgan hamda bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 128 foizni tashkil etgan.

    Xizmatlar sohasida jami 756 mingta (yillik rejaga nisbatan 49 foiz) yangi ish oʻrinlari yaratilgan.

    Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish boʻyicha dastur ijrosi yuzasidan 21,7 trln soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan va oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 112,9 foizga bajarilgan.

    29 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 21 312 ta xonadonli 619 ta koʻp qavatli uy-joylarning 397 tasida qurilish ishlari boshlangan.

    Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish maqsadida 76 ta oilaviy shifokor punkti, 20 ta oilaviy poliklinika hamda 505 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilishi natijasida 1,8 million aholiga oʻz yashash joyida birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati yoʻlga qoʻyilgan.

    Shuningdek, mamlakatimizdagi 40 yoshdan oshgan 10 mln 304 ming nafar aholidan qariyb 4 million 387 ming nafari tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan.

    Shu bilan birga majlisda senatorlar tomonidan Dastur ijrosi yuzasidan yoʻl qoʻyilgan ayrim kamchiliklarga ham toʻxtalib oʻtildi.

    Dasturda muddati oʻtgan 63 ta band ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bugungi kunga qadar qabul qilinmagan. Bu esa, ushbu bandlarda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun huquqiy asos boʻlmaganligi uchun ularning ijrosi taʼminlanmasligiga olib kelyapti.

    Xususan, jamoat tartibini saqlash boʻyicha patrullik xizmati faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, toʻqimachilik sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2 barobarga koʻpaytirish, dorivor oʻsimliklarni qayta ishlash asosida 17 turdagi substansiyalar va biologik faol moddalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish dasturini qabul qilish, joriy yilda aholiga axborot-kutubxona xizmat koʻrsatishni yanada rivojlantirish hamda sohada yagona boshqaruv tizimini joriy etish yuzasidan normativ-huquqiy hujjat loyihalari bugungi kunga qadar tasdiqlanmagan.

    Muhokamalar soʻnggida mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.