Mazkur tadbir “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosi ustidan samarali jamoatchilik nazoratini tashkil etishga qaratilgan boʻlib, unda Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama etilib, masʼul vazirlik va idoralar rahbarlarining axboroti tinglandi.

Turizm — pandemiya tufayli eng koʻp zarar koʻrgan sohalardan biri boʻldi. Maʼlumotlarga koʻra, 2020-yilda Oʻzbekistonga tashrif buyurgan turistlar soni keskin kamayib, ular 1,5 million kishini tashkil etgan. Bu 2019-yilgi koʻrsatkichga nisbatan qariyb 4 barobarga kamdir. Pandemiyadan oʻtish davrida sohani tezroq rivojlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish, tadbirkorlarga qoʻshimcha qulaylik, imtiyozlar yaratish maqsadida Prezident va Hukumat tomonidan qator Farmon va qarorlar qabul qilindi. Ichki va ziyorat turizmini, turizm infrastrukturasini rivojlantirish choralari belgilandi. Sohaga tegishli qator vazifalar Davlat dasturiga ham kiritildi.
Eslatib oʻtamiz, Davlat dasturi 273 ta banddan iborat boʻlib, shundan 1-aprelga qadar jami 63 ta band boʻyicha vazifalar ijrosi koʻzda tutilgan.

Jumladan, Dasturning 99-bandida ziyorat turizmi va ichki turizmni rivojlantirish, salohiyatli turizm bozoriga ega mamlakatlardan muntazam aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish, ayrim davlatlar uchun viza tizimini soddalashtirish, Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish tartibini ishlab chiqish va xarajatlarning bir qismini qaytarish vazifasi belgilangan edi. Bunda bir necha mahalliy avia va temir yoʻl qatnovlarini subsidiyalash nazarda tutilgan. Ushbu band ijrosi yuzasidan Turizm va sport vaziri oʻrinbosari Abdulaziz Akkulov axborot berdi:

Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirishga qaratilgan Hukumat qaroriga koʻra, muayyan ichki aviaqatnovlarni amalga oshiruvchi rezident aviakompaniyalarga xarajatlarining 25 foiz qismini byudjet hisobidan subsidiyalash belgilandi. Shuningdek, agarda sayohatlar turoperatorlar tomonidan tashkil etilsa, aviaqatnovlar hamda temir yoʻl xarajatlarining 15 foizi turoperatorlarga qaytariladi. Bundan tashqari, sayohat davomida mehmonxonalarga joylashtirishda koʻrsatilgan xizmatlarning 10 foiz miqdori qaytarilishi belgilandi. Shu maqsadlarda subsidiyalar ajratish uchun byudjetdan tegishli mablagʻlar ajratilgan. Avvalgi tartib boʻyicha mehmonxona xizmatini koʻrsatuvchilar uchun umumiy tushumning 10 foizi qaytarilgan boʻlsa, endilikda toʻgʻridan-toʻgʻri sayohatni tashkil etilishi, turoperatorlarning harakatlari hisobiga boshqa soha vakillarining ham ish bilan taʼminlanishini inobatga olib, turoperatorlarga 10 foiz subsidiya qaytariladigan boʻldi.

Qayd etilishicha, Oʻzbekistondagi 22 ta yirik madaniy meros obyektlari, ziyoratgohlar obodonlashtirilishi bilan birga, ularning targʻibotiga byudjetdan 1 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgan.

Shuningdek, Yana 5 ta mamlakatga viza rejimi soddalashtirildi, hozirda Oʻzbekistonda vizasiz harakatlanishi mumkin boʻlgan davlatlar soni 90 taga yetdi.

Ziyorat turizmi yoʻnalishida, “Umra+” dasturi boʻyicha qanday ishlar olib borilmoqda?

Maʼlum qilinishicha, ayni vaqtda ziyorat turizmi hamda “Umra+” dasturi boʻyicha Malayziya, Indoneziya davlatlari orqali turistlarga xizmat koʻrsatish masalalari respublikamizdagi, qolaversa, ayrim xorij mamlakatlaridagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, toʻxtatilib turibdi.

Malayziya va Saudiya Arabistondagi epidemiologik vaziyat “Umra+” dasturini amalga oshirishga imkon bermayapti, — deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi birinchi oʻrinbosari Muzaffar Komilov. Malayziyada hozir pandemiya sababli karantin eʼlon qilingan, Saudiya Arabistonida ham kundan kunga kasallanish holatlari oshib boryapti. Jidda shahridagi konsullikda Haj va Umra ishlari boʻyicha alohida attashe faoliyat koʻrsatadi. Biz Umra masalasida ular bilan yozishmalar olib boryapmiz. Kecha olgan maʼlumotimizga koʻra, agar vaziyat biroz barqarorlashsa, 17-maydan ziyoratlarga ruxsat berilishi mumkin. Bunda Sogʻliqni saqlash vazirligining xulosasiga tayangan holda ish koʻriladi.

Davlat dasturining 101-bandiga muvofiq, Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi hamda Toʻdakoʻl koʻllari hududida turistik infratuzilmani rivojlantirish, 102-bandiga muvofiq esa Jizzax viloyatida zamonaviy turistik-rekreatsion zonasi faoliyatini hamda xalqaro umummavsumiy togʻ-changʻi kurortini tashkil etish vazifasi belgilangan.

Turizm va sport vaziri oʻrinbosari Abdulaziz Akkulovning maʼlumot berishicha, Jizzax viloyatidagi zamonaviy turistik-rekreatsion zonasi Zomin tumanidagi togʻli hududda qurilishi rejalashtirilgan. Uni barpo etishda xorij tajribasi oʻrganildi. Turkiya, Avstriya va Fransiya singari mamlakatlardan ekspertlar jalb qilindi. Shulardan kelib chiqqan holda hududni rivojlantirish boʻyicha alohida konsepsiya va alohida dasturni qabul qilish koʻzda tutilgan. Xususan, logistikani yaxshilash, zarur infratuzilmani barpo etish, eng muhimi, tabiiy ekologik muhitni saqlab qolishga eʼtibor qaratilmoqda. Tegishli qaror qabul qilingach, Bosh reja ishlab chiqiladi va shu asosda ishlar tashkil etiladi.

Shuningdek, jamoatchilik eshituvi davomida Davlat dasturining 104-bandiga muvofiq, Buxoro va Xorazm viloyatlarining turizm salohiyatini pandemiya sharoitidan soʻng tiklash va yana-da rivojlantirish masalalari boʻyicha bajarilgan ishlar toʻgʻrisida hisobotlar taqdim etildi.

Eshituv davomida Dastur ijrosi boʻyicha kuzatilayotgan muammolar, xususan, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, sohadagi xususiy tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, pandemiyaning salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, ziyorat turizmi va madaniy meros obyektlariga olib boruvchi yoʻllarning talab darajasida emasligi, turizm obyektlari toʻgʻrisida targʻibot ishlarining sustligi, ayrim hududlarning turizm salohiyatidan samarali foydalanilmayotganligi tanqid qilindi.

Jamoatchilik eshituviga qadar hududlarda turizm sohasining rivojlanishi borasida olib borilgan oʻrganishlar davomida qator muammolar mavjudligi aniqlandi:

- Toshkent viloyati Turizmni rivojlantirish departamentining maʼlumotlar bazasida 828 ta madaniy meros obyektlari roʻyxati shakllantirilgan, shulardan 385 tasining kadastr hujjatlari mavjud emas;

- Pandemiya sharoitidan kelib chiqib tijorat banklari tomonidan avval berilgan kreditlarni qaytarish muddatini 18 oydan 24 oygacha uzaytirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan boʻlsada, Buxoro viloyatida 19 ta tadbirkor subyektlariga avval berilgan kreditlar boʻyicha asosiy qarz toʻlovi 18 oydan 24 oygacha uzaytirish tartibi qoʻllanilmaganligi maʼlum boʻlgan;

- Qashqadaryo viloyatida ziyoratgohlarda xorijiy davlatlardan tashrif buyuruvchilar uchun audiogidlar oʻrnatilmagan, tarjimon gidlar yetarli emas, ayrim turizm obyektlarida axborot markazlari yoʻq, borlarida ham maʼlumotlar, tarqatma materiallar yetarli emasligi holatlari mavjud.

Davlat dasturining ijrosi muntazam ravishda jamoatchilik eʼtiborida boʻlishi, bu borada jamoatchilik nazorati tadbirlari doimiy davom ettirilishi qayd etildi, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.