Qarorga koʻra, 2024–2026-yillarda:

  • “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan:
  • kichik tadbirkorlarga ajratiladigan kredit qoldigʻi 1,7 baravarga oshirilib, ularning kredit portfelidagi ulushi 28 foizdan 43 foizga yetkaziladi;
  • kichik biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun 800 million AQSH dollarigacha resurs jalb qilinadi;
  • 300 million AQSH dollari miqdorida obligatsiya (yevrobond)lar xalqaro kapital bozorlarida muomalaga chiqariladi;
  • 150 mingta kichik tadbirkorlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;

“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan:

  • kichik va oʻrta tadbirkorlarga koʻrsatiladigan moliyaviy xizmatlar hajmi 8 trillion soʻmdan 14 trillion soʻmga yetkaziladi;
  • 150 ta oʻrta biznes korxonasiga ulush kiritiladi va xizmatlar ipotekasi asosida 300 ta loyiha tadbirkorlarga sotiladi;
  • oʻrta tadbirkorlar soni 2,5 baravarga oshiriladi;
  • 300 million AQSH dollari miqdorida obligatsiya (yevrobond)lar xalqaro kapital bozorlarida muomalaga chiqariladi.

2023-yil 15-dekabrgacha hududlar va davlat dasturlari yoʻnalishlari kesimida 2024-yilda 2 million aholini biznesga jalb qilishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlanadi.

2024-yil 1-iyuldan davlat dasturlari doirasida ajratilayotgan kreditlardan samarali foydalanish uchun kredit ajratishning barcha bosqichlari elektron platformalarda amalga oshiriladi.

2024-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha davlat xaridlari maxsus axborot portalida davlat ishtirokidagi yirik korxonalar bilan kooperatsiya asosida tashkil qilingan kichik tadbirkorlarga oʻzlari ishlab chiqargan tovarlarni davlat buyurtmachilariga bir yilda 10 milliard soʻmgacha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sotishga ruxsat beriladi.