Davlat ekologiya qoʻmitasida Koreyaning Global yashil taraqqiyot instituti rahbariyati bilan onlayn muloqot oʻtkazildi

    Xalqaro hamkorlik 22 Oktabr 2020 941

    22-oktyabr kuni Davlat ekologiya qoʻmitasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Sh.Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish toʻgʻrisida ilgari surgan tashabbuslarini amalga oshirish maqsadida Davlat ekologiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari N.Oblomuradov Koreyaning Global yashil taraqqiyot instituti (Global Green Growth Institute – GGGI) prezidenti, BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan onlayn muloqot oʻtkazdi.

    Uchrashuvda Davlat ekologiya qoʻmitasi va Global yashil taraqqiyot instituti oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolanishi toʻgʻrisida kelishildi. Shuningdek, hamkorlikning dastlabki qadami sifatida KOICA agentligi koʻmagida qiymati 5.6 mln. AQSH doll. boʻlgan “Qoraqalpogʻiston Respublikasida Orol dengizi inqirozining oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan «Yashil tiklanishga investitsiya” qoʻshma loyihasini amalga oshirish muhokama qilindi.

    Oʻz navbatida Janob Pan Gi Mun mamlakatimizga tashrifi davomida Orol inqirozi nafaqat mintaqa, balki global miqyosdagi ekologik fojea ekanligiga shaxsan oʻzi guvoh boʻlganligini, muammoning atrof-muhit, aholi sogʻligʻiga taʼsirini kamaytirishga yoʻnaltirilgan ishlarda xalqaro hamkorlik muhimligini hamda davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan muhim tashabbuslarni mamnuniyat bilan qabul qilganligini taʼkidlab oʻtdi.

    Uchrashuv qatnashchilariga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Orolboʻyi mintaqasida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar yuzasidan axborot berildi, “Orolboʻyi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” nomli kitob Koreya tomoniga taqdim etildi.

    Davlat ekologiya qoʻmitasi axborot xizmati