Bu amaliyot qogʻozbozlik va ortiqcha ovoragarchiliklardan xoli boʻlgan elektron platforma sifatida faoliyat yuritadi. Ishga kirmoqchi boʻlgan nomzodlar hujjatlarini olib tashkilotma-tashkilot yurmaydi. Turli joylardan ortiqcha maʼlumotnomalarni olish ham talab etilmaydi. Muhimi, endi talabgorlar davlat idoralaridagi barcha boʻsh ish oʻrinlari haqida maʼlumotga ega boʻladi. Yana bir oʻziga xos jihati esa, har bir nomzod ochiq maydonda oʻz bilimini sinab, test va suhbat bosqichidan oʻtadi.

Ushbu platformaning yaratilishi meritokratiyaga keng yoʻl ochib berdi. Tom maʼnoda “munosiblar hokimiyati” deya tarjima qilinadigan meritokratiya tamoyili rivojlangan mamlakatlarda allaqachon urf boʻlgan. Boshqaruvning bu tamoyiliga koʻra, moliyaviy ahvoli va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar eng qobiliyatli, tirishqoq va  layoqatli nomzodlar davlat fuqarolik xizmatchilari lavozimlarini egallaydi. Nega deganda, mansab pillapoyalaridan koʻtarilishda erishilgan natijalar, qobiliyat va aql-zakovat hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Eng asosiysi, joriy etilayotgan yangi tizimda inson aralashuvini cheklashga qaratilgan tadbirlar ustuvor ahamiyat kasb etadi. Yaʼni, hujjat topshirish jarayonlari portal orqali, test jarayonlari esa test.argos.uz platformasida amalga oshirilishi hamda suhbat jarayonlari onlayn translyatsiya qilinishini koʻzda tutuvchi raqamlashtirish texnologiyalari tanlov jarayonlarining barcha bosqichlariga joriy etilgan.

Ushbu portal davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarni egallash uchun ochiq mustaqil tanlovlarni tashkil etish boʻyicha yagona elektron tizim boʻlib, internet tarmogʻida “bir darcha” tamoyili asosida faoliyat koʻrsatadi.

Portaldagi davlat organlarining vakant lavozimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar avtomatik tarzda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalangan holda saytga joylashtiriladi va nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish faqat elektron tarzda amalga oshiriladi.

Ushbu portal orqali bugungi kunda respublikaning 60 dan ortiq vazirlik va idoralari hamda barcha tuman (shahar) hokimliklardagi mavjud 29 382 ta vakant lavozimlar boʻyicha tanlovlar eʼlon qilinib, tanlovlarda 357 296 nafar nomzodlar qatnashgan.

Tanlov eʼlon qilingan 29 382 ta vakant lavozimlarning 2 301 tasi hujjat topshirish jarayonida, 10 464 tasi esa hujjat topshirish muddati tugallanib, test va suhbat oʻtkazish bosqichida, 16 617 tasida esa tanlov yakuniga yetgan.

Davlat xizmatiga kirish uchun hujjat topshirgan nomzodlarning 20 foizi — 70 mingdan ortigʻini xotin-qizlar tashkil etadi. 5 402 nafar tanlov gʻoliblarining 455 nafarini xotin-qizlar, 1 576 nafari — 30 yoshgacha boʻlgan, 737 nafari davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilinganlardir.  

Portal faoliyati yoʻlga qoʻyilganidan buyon, bir kunda oʻrtacha 15-20 nafar fuqaro davlat xizmatiga ochiq tanlov orqali ishga qabul qilinmoqda.

Ishga qabul qilingan tanlov gʻoliblarining 1 828 nafari tashkilotning oʻz tizimidan boʻlsa, 3 574 nafari boshqa tizimdan oʻtgan.

Test va suhbat bosqichi jarayonlari real vaqt rejimida yoritilmoqda. Barcha onlayn jarayonlar havolasi telegramdagi maxsus (vacancy online) kanalga tezkor joylashtirib borilmoqda. Shuningdek, tanlov jarayonlarining shaffofligini taʼminlash maqsadida gʻoliblar haqidagi maʼlumotlar telegramdagi maxsus kanal (vacancy winners) orqali eʼlon qilib borilmoqda.

Bunday yondashuv davlat xizmatiga eng munosib, malakali kadrlarni byurokratik toʻsiqlarsiz ochiq va adolatli tanlov jarayonlari orqali jalb etish imkonini bermoqda.