Tadbirda qonun loyihasining asosiy maqsadi, ahamiyati, uni qabul qilish orqali davlat boshqaruvi tizimida qanday yangiliklar kirib kelishi, davlat organlariga ishga kirish, faoliyatni tartibga solish va lavozimdan ozod etishning yagona qoidalarini joriy etish koʻzda tutilgani haqida maʼlumot berildi.
Qonun loyihasi normalari faqat Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan davlat fuqarolik xizmatchilariga nisbatan qoʻllanilishi taʼkidlandi.
Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Zero, davlat xizmatiga yuksak intellektual salohiyat va yangicha tafakkurga ega, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirgan, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish hozirgi raqobatli mehnat bozorida gʻoyat muhimdir.
“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2021-yil 28-dekabr kuni boʻlib oʻtgan majlisida muhokama qilinib, uni takomillashtirish yuzasidan bildirilgan takliflar inobatga olingan holda birinchi oʻqishda qabul qilingan edi.
Davra suhbatida davlat fuqarolik xizmatchilarning daromadi va mol-mulkini deklaratsiyalash tizimini joriy etish, davlat xizmatida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya qilish kabi qoidalar atroflicha koʻrib chiqildi.
Qonun loyihasida davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy va ijtimoiy himoyasiga, yagona ish haqi tizimi, ragʻbatlantirish va jazo choralari tartibi, ijtimoiy taʼminot, shuningdek, mehnat qonunchiligiga rioya etilishining huquqiy kafolatlari kabi qoidalari muhokama qilinib, deputatlarning bu boradagi bir qator takliflari asosli deb topildi.
Tadbirda deputatlar, ekspert va olimlar tomonidan qonun loyihasini yanada takomillashtirish, maromiga yetkazish boʻyicha qator taklif va tavsiyalar berildi.